Madridning “Real” klubi hujumchisi Karim Benzema Chempionlar ligasi 1/8 finalining birinchi o‘yinida “Liverpul”ga qarshi bahsda ishtirok etadi.
19-fevral kuni hujumchi jamoaning umumiy guruhida mashg‘ulot o‘tkazdi. Bu haqda “Mundo Deportivo” nashri xabar berdi. Himoyachi Ferland Mendi ham mashg‘ulotlarga cheklovlarsiz qaytgan, avvalroq sonidan jarohat olgandi.
Yarim himoyachilar Toni Kroos va Aureliyen Tchuameni betobligi sababli mashg‘ulotlarda ishtirok etishmadi. Ularning “Liverpul” bilan o‘yindagi ishtiroki hamon so‘roq ostida.
Avvalroq, Benzema La Liga doirasidagi “Osasuna”ga (2:0) qarshi o‘yinni jarohat tufayli o‘tkazib yuborgandi. Katta ehtimol bilan fransuz futbolchisi Chempionlar ligasining 1/8 finali o‘yinida qatnashadi.
Madridning “Real” klubi 21-fevral kuni “Enfild”da “Liverpul” bilan Chempionlar ligasi 1/8 finalidagi ilk o‘yinini o‘tkazadi. Javob o‘yini 15- mart kuni “Santyago Bernabeu”da bo‘lib o‘tadi.


