31-yanvar soat 19:00 holatiga ko‘ra, census.stat.uz portali orqali O‘zbekistonda jami xonadonlarning 81,8 foizida yashovchi 29,9 million nafardan ortiq fuqaro onlayn ro‘yxatdan o‘tgan.
Bu ko‘rsatkich aholini ro‘yxatga olish jarayonining birinchi bosqichi uchun juda yuqori natija sifatida baholanmoqda. Ushbu yutuqqa erishishda Statistika qo‘mitasi tomonidan tizimli va qat’iy choralar ko‘rilgan. Xususan, jarayon davomida kundalik brifinglar o‘tkazilgan bo'lib, aholining savollariga ochiq va aniq javoblar berildi hamda onlayn ro‘yxatdan o‘tish tartibi keng tushuntirilgan.
Shuningdek, mahalliy hokimliklar, tashkilot va idoralar ham jarayonda faol ishtirok etib, aholiga amaliy ko‘mak ko‘rsatgan.
Onlayn ro‘yxatdan o‘tishda ishtirok etmagan fuqarolar uchun tadbirning ikkinchi bosqichida “Mahalla yettiligi” vakillari uyma-uy yurib, ma’lumotlarni planshet qurilmalari orqali census.stat.uz platformasiga kiritadi.


