Noqulay ob-havo sharoiti tufayli Bishkek shahriga qo‘nishi rejalashtirilgan Turkish Airlines aviakompaniyasining yo‘lovchi samolyoti Toshkentga yo‘naltirildi. Bu haqda aeroport xizmatlari ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bortida 179 nafar yo‘lovchi bo‘lgan samolyot bugun soat 14:44 da Toshkent xalqaro aeroportiga muvaffaqiyatli qo‘ngan. Yo‘lovchilarning xavfsizligi birinchi o‘ringa qo‘yilib, parvoz yo‘nalishi o‘zgartirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘lovchilar orasida O‘zbekiston vizasiga ega bo‘lmagan fuqarolar ham bor. Ular Bishkekka keyingi jo‘nab ketish vaqti belgilangunga qadar aeroportning tranzit kutish zonasiga joylashtiriladi.
Aviakompaniya va aeroport ma’muriyati ushbu yo‘lovchilar 25-dekabrga qadar tranzit hududida bo‘lishini, ularga zarur sharoitlar yaratilishini bildirgan. Vaziyat tegishli xizmatlar tomonidan nazorat ostida saqlanmoqda.


