BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari idorasi (OHCHR) Isroilning Livan bilan 2024-yil noyabr oyida imzolangan sulhni buzishi oqibatida Livan janubida 114 nafar tinch fuqaro halok bo‘lganini ma’lum qildi. OHCHR matbuot kotibi Al Xitanning ta’kidlashicha, Isroil tomonidan uy-joylar va aholi punktlariga uyushtirilayotgan havo zarbalari BMT tomonidan muntazam ravishda kuzatib borilmoqda.
“Fuqarolarga qarshi harbiy hujumlar darhol to‘xtatilishi shart. Janubiy Livan aholisi ikki yildan beri beqarorlik va qo‘rquv ostida yashamoqda. Sulh bitimi va xalqaro gumanitar huquq talablariga to‘liq amal qilinishi zarur”, — deya ta’kidladi u.
Isroilning Livanga qarshi harbiy amaliyotlari 2023-yil oktabrda boshlangan va 2024-yil sentabrga kelib keng ko‘lamli urushga aylangan. Mojaro davomida 4 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan, 17 mingga yaqin fuqaro yaralangan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil sulh imzolangandan buyon uni 4 500 martadan ortiq buzgan. Ushbu hujumlar natijasida yana yuzlab tinch aholi vakillari qurbon bo‘lgani yoki jarohatlangani qayd etilgan. Shuningdek, Isroil urush chog‘ida egallagan besh tepalik va Livandagi bir nechta hududlarni hanuz nazoratda ushlab turgani bildirilmoqda.
