Braziliyaning San-Paulu shtatiga yog‘ingarchilik keltirgan tropik siklon qurbonlari soni 36 kishiga yetdi.
O‘tgan kun davomida mintaqada yomg‘irning oylik miqdori yog‘di. Bu esa ko‘plab suv toshqinlari va ko‘chkilarga, turar-joy binolari hamda infratuzilmalarning vayron bo‘lishiga olib keldi. Mahalliy hokimiyat maʼlumotlariga ko‘ra, o‘nlab odamlar vayronalar ostida qolmoqda.
Tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan beshta munitsipalitetda favqulodda holat eʼlon qilingan. Ko‘pgina hududlar suv va elektr taʼminotidan uzilib qolgan, uyali aloqa ishlamayapti.
Hodisa munosabati bilan mahalliy hokimiyat karnavalni nishonlashga bag‘ishlangan barcha ko‘ngilochar tadbirlarni bekor qildi. Prezident Luis Inasiu Lula da Silva tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda yordam berishga vaʼda berdi.


