Prezident maslahatchisi, O‘zbekistonning sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatning Tinchlik kengashi tarkibiga qo‘shilish sabablari va undan ko‘zlangan manfaatlar haqida izoh berdi.
Uning aytishicha, O‘zbekiston 22-yanvar kuni qator davlatlar bilan birgalikda Yaqin Sharqda tinchlikni mustahkamlash va G‘azo sektoridagi inqirozni hal etishga qaratilgan mazkur xalqaro tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan. Komilov bu qaror bir nechta muhim omillar bilan bog‘liqligini taʼkidladi.
“Avvalo, bu masala xavfsizlik bilan bevosita bog‘liq. Yaqin Sharqdagi beqarorlik Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekiston xavfsizligiga ham taʼsir ko‘rsatishi mumkin. Ikkinchidan, kengash oldiga qo‘yilgan vazifalar va maqsadlar O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy tamoyillariga to‘liq mos keladi. Uchinchidan esa, ushbu mintaqada bizning jiddiy va hayotiy manfaatlarimiz mavjud”, dedi Abdulaziz Komilov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.
Prezident maslahatchisi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Yaqin Sharqdagi jarayonlarga doimiy va katta eʼtibor qaratib kelayotganini qayd etdi. U bir necha yil avval ayrim O‘zbekiston fuqarolari Yaqin Sharqqa borib, ekstremistik oqimlarga qo‘shilgani, keyinchalik esa davlat tomonidan ular vatanga qaytarilib, ijtimoiy hayotga moslashtirilganini eslatdi.
“Bu boradagi insonparvarlik siyosati BMT rahbariyati tomonidan yuqori baholangan. Prezidentimiz yuritayotgan siyosat xalqaro miqyosda namuna sifatida eʼtirof etilgan. Shu sababli biz uchun mintaqaviy xavfsizlik masalasi ustuvor ahamiyatga ega”, dedi Komilov.
U, shuningdek, Afg‘oniston misolida Yaqin Sharqdagi mojarolarning Markaziy Osiyoga qanday salbiy taʼsir ko‘rsatishini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, urushlar boshlanganidan keyin terroristik va ekstremistik guruhlar aynan Yaqin Sharqdan Afg‘onistonga kirib kelgan.
Komilov Yaqin Sharq muammolarini hal etish oson emasligini, buning uchun keng xalqaro hamkorlik zarurligini qayd etdi. Uning fikricha, AQSH, arab va musulmon davlatlari, shuningdek Markaziy Osiyo mamlakatlari birgalikda harakat qilgan taqdirdagina barqaror tinchlikka erishish mumkin.
Maʼlumot o‘rnida, 22-yanvar kuni Shveysariyaning Davos shahrida Tinchlik kengashi nizomi imzolangan. Ushbu tuzilma BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi bilan qo‘llab-quvvatlangan G‘azo mojarosini tugatish bo‘yicha kompleks rejani amalga oshirish doirasida tashkil etilgan. Abdulaziz Komilov O‘zbekistonning mazkur kengashdagi ishtirokini mamlakatga bildirilgan ishonch va xalqaro maydondagi nufuzining eʼtirofi sifatida baholadi.


