1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Eng dolzarb

Bugungi kunda dunyo bo‘ylab ayollarning 10,3 foizi o‘ta qashshoqlikda yashaydi

BMTning Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida BMT Ayollar holati bo‘yicha komissiyasining 68-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Bugungi kunda dunyo bo‘ylab ayollarning 10,3 foizi o‘ta qashshoqlikda yashaydi

Oliy Majlis Senati Raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.



Maʼlumot o‘rnida taʼkidlash lozim, Komissiya BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining ishchi organi bo‘lib, xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish va ilgari surish bo‘yicha xalqaro standartlarni hamda ularning bajarilishi yuzasidan takliflarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.



Bu yilgi sessiyada kambag‘allikni bartaraf etish, institutlar salohiyati va moliyalashtirishni kuchaytirish orqali gender tengligiga erishish va barcha xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirish, bu borada Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi tamoyillarining hayotga tatbiq etilishi masalalari muhokama qilinmoqda.



Anjumanda dunyo davlatlarining sohaga masʼul parlament va hukumat idoralari, vazirlik va tashkilotlari, nodavlat tuzilmalari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etmoqda.



BMT Ayollar tashkiloti maʼlumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyo bo‘ylab ayollarning 10,3 foizi o‘ta qashshoqlikda yashaydi. 2030 yilga borib Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun kambag‘allikka barham berishdagi muvaffaqiyat 26 baravar tezroq bo‘lishi kerak.


Shu bois, anjumanda butun dunyo hukumatlari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, ekspertlar va faollar ayollarning qashshoqligini tugatish va gender tengligini oshirishga yordam beradigan harakatlarni ishlab chiqish va investitsiyalarni jalb qilish masalalariga eʼtibor qaratishmoqda.

 



Ushbu nufuzli tadbirga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida BMT Ayollar tashkiloti keyingi 5 yilda O‘zbekistonning gender tenglikka erishish, xotin-qizlarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi ko‘plab ijobiy natijalarini eʼtiborga olib, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi bilan kelishgan xolda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlatlarining sessiya bo‘yicha maslahatlashuvlarini Toshkent shahrida o‘tkazgan edi.



Tadbir yakunlari bo‘yicha ayollar va qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni ijtimoiy himoya qilish borasida yagona pozitsiya ishlab chiqildi.



68-sessiyada Markaziy Osiyo mintaqasi va Ozarbayjon nomidan Oliy Majlis Senati Raisi so‘zga chiqib, bugungi kunda mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy hamkorlikni faol rivojlantirayotgani, qo‘shma sarmoyaviy loyihalar amalga oshirilayotgani, gender tenglikni taʼminlash sohasida o‘zaro hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratilganini taʼkidlab, hamkorlik bo‘yicha umumiy yondashuvlarni maʼlum qildi va qator tashabbuslarni ilgari surdi.



Xususan, kambag‘allikni qisqartirish va munosib mehnat sharoitlarini yaratish uchun BMTning “Ish o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori” doirasida global darajada ayollar va qizlarni himoya qilish bo‘yicha samarali choralar ko‘rish, o‘quv dasturlari va o‘qitish uslublariga, shuningdek, STEM-taʼlimiga, ayniqsa, qishloq joylarda gender yondashuvini joriy etish taklif etildi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика