Ijtimoiy tarmoqlar hamda ayrim internet nashrlarida “Shofirkon tumanida yuzlab Damas va Labo rusumli avtomashinalari hujjatsiz ushlab turilgani” haqida tarqatilgan xabarlar yuzasidan Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Aniqlanishicha, 2026-yil 7-yanvar kuni soat 14:12 da Shofirkon tuman kasalxonasi shifokori tomonidan tuman hududida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani haqida Ichki ishlar organlariga murojaat kelib tushgan. Mazkur hodisa oqibatida 2011-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan fuqaro M.T. turli tan jarohatlari bilan tibbiy muassasaga olib kelingan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida voyaga yetmagan fuqaro velosipedda harakatlanib ketayotgan vaqtida, orqadan kelayotgan oq rangli “Damas” rusumli avtomashina bilan to‘qnashgani, haydovchi esa jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatmasdan, uni xavf ostida qoldirib, voqea joyidan yashiringani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyatni fosh etish, gumon qilinuvchi transport vositasi va haydovchini aniqlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda tezkor-qidiruv va protsessual tadbirlar amalga oshirilgan.
Xususan, Shofirkon tumani hududida harakatlanayotgan oq rangli “Damas” va “Labo” rusumli avtomashinalar tekshiruvdan o‘tkazilgan. Ushbu transport vositalari faqat tekshiruv maqsadida vaqtincha to‘xtatilgan, belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilgan. Qonunbuzilish holatlari aniqlanmagan avtomashinalar egalariga darhol qaytarilgan, haydovchilar bilan profilaktik tushuntirish ishlari olib borilgan.
Shuningdek, 2026-yil 9-yanvar kuni soat 00:00 holatiga ko‘ra, ekspert-kriminalistik tekshiruvlar natijasida mazkur yo‘l-transport hodisasini sodir etgan gumonlanuvchi shaxs G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan B.U. ekani aniqlangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa 2026-yil 7-yanvar kuni soat 11:50 atrofida sodir bo‘lgan bo‘lib, gumonlanuvchi o‘z aybiga iqror bo‘lgan.
Shuningdek, unga tegishli oq rangli “Damas” rusumli avtomashina aniqlanib, hozirda mazkur holat yuzasidan amaldagi qonunchilik doirasida tegishli protsessual choralar ko‘rilmoqda.
Ayrim xabarlarda keltirilgan “haydovchilar kasal fuqarolarni tashib kelayotgani yoki qariya ota-onalarini ko‘rish uchun yo‘lga chiqqani sababli uzoq vaqt ushlab turilgani” haqidagi ma’lumotlar rasmiy tarzda tasdiqlanmagan. Ushbu mazmunda Ichki ishlar organlariga hech qanday murojaat yoki shikoyat kelib tushmagan.
Ta’kidlanishicha, barcha amalga oshirilgan tadbirlar fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, jinoyatni fosh etish va qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadida, amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilgan holda bajarilgan.


