Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya), Buxoro viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi hamda tegishli tashkilotlar hamkorligida Buxoro viloyati hududida navbatdagi reyd tadbirlari o‘tkazildi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo'mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Reyd davomida Buxoro viloyati Peshku tumani cho‘l hududida ikki nafar shaxs tomonidan 8 dona kulrang g‘oz hech qanday ruxsatnomasiz noqonuniy ovlangani aniqlandi. Mazkur holat yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar uchun 3 million 296 ming so‘m undirish hamda bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima belgilandi. Noqonuniy ovlangan qushlar olib qo‘yilib, to‘plangan hujjatlar sud organlariga yuborildi.
Shuningdek, reyd davomida Buxoro shahri Markaziy bozori avtoturargohida fuqaro F.M. tomonidan yo‘lbarssimon bo‘g‘ma ilon yordamida sirk tomoshasi o‘tkazilayotgani aniqlangan. Tekshiruv jarayonida mazkur yovvoyi hayvonga oid hech qanday ruxsat beruvchi hujjatlar mavjud emasligi, shuningdek, uni saqlash va foydalanish talablari qo‘pol ravishda buzilgani maʼlum bo‘ldi.
Natijada ilon tegishli tartibda olib qo‘yilib, veterinariya ko‘rigidan o‘tkazildi hamda vaqtincha saqlash maqsadida Somoniy bog‘ida tashkil etilgan hayvonot bog‘iga joylashtirildi.
Maʼlumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 5-noyabrdagi 736-sonli qaroriga muvofiq, 2025-yil 1-yanvardan boshlab jismoniy shaxslarga yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitda, sunʼiy yaratilgan muhitda yoki tutqunlikda saqlash taqiqlangan. Shuningdek, bunday hayvonlardan davlat va ko‘chma sirklarda tomoshalar namoyish etish uchun foydalanishga ham ruxsat etilmaydi.
Mazkur holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 92¹-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ish hujjatlari tegishli choralar ko‘rish uchun sud organlariga yuborildi.


