
“Dunyo” axborot agentligi xabariga ko‘ra, diplomatik vakolatxonaning ko‘chma saylov uchastkasi poytaxt shaharning Vulvich tumanida joylashgan ko‘ngilochar markazi binosida joylashtirilib, mazkur muhim tadbirga kelayotgan vatandoshlarimiz saylovda ovoz berishi uchun barcha sharoit yaratildi.

Jumladan, saylov uchastkasi sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya qilingan holda tegishli jihozlar bilan taʼminlandi.
Qayd etilishicha, muddatidan oldin ovoz berish jarayonida 100 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosi qatnashdi. Shuningdek, ko‘chma saylov uchastkasiga oila aʼzolari bilan tashrif buyurgan vatandoshlarimizga konsullik masalalari bilan murojaat qilish va ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha tegishli maslahatlar olishga imkoniyat yaratildi.

Elchixona xodimlari bilan suhbat davomida, ular bunday tadbirlar o‘zbekistonliklarni yana-da jipslashtirishi, saylov jarayonida berilgan har bir ovoz Vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shishini taʼkidladi.

Maʼlumot uchun: Kustanaydagi vatandoshlarimiz O‘zbekiston Prezidenti saylovida bugun,19 oktabr kuni muddatidan oldin ovoz beradi.
Eslatib o‘tamiz, 14-20 oktabr kunlari prezident saylovida muddatidan oldin ovoz berish o‘tkaziladi. Muddatidan oldin ovoz berish uchun saylovchi sababini ko‘rsatgan holda tegishli saylov uchastkasiga ariza bilan murojaat qiladi.
Avvalroq Malayziya, Pokiston va Niderlandiyada muddatidan oldin ovoz berish jarayoni boshlangani, O‘zbekistondagi eng baland nuqtada joylashgan saylov uchastkasi hamda Turkiyada yashayotgan o‘zbekistonliklar uchun saylov uchastkasi tashkil etilgani xabar qilingandi.


