Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida bir ayol o‘z bolasini qiynayotgani aks etgan video tarqalib, jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lmoqda. Holat yuzasidan viloyat IIB axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, holat Kattaqo‘rg‘on tumanining «Andoqsoy» MFY Andoqsoy qishlog‘ida sodir bo‘lgan. 2000 yilda tug‘ilgan X.U. Rossiyadagi eri bilan o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchilik sabab jahl ustida bolasini qiynab, buni tasvirga olib turmush o‘rtog‘iga yuborgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan ish qo‘zg‘atilib, fuqaro X.U. jinoyat ishiga gumonlanuvchi sifatida jalb etilgan.
“Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu oila hamda bolalar bilan ishlash uchun mutaxassis psixologlar jalb etilgan”, — deyiladi xabarda.


