Buxoro viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi rahbari Bahodir Toshev kursdoshlarini davlat idorasida maishat qilishga chorlagani bois lavozimidan olindi.
Tarmoqlarda tarqalgan videoda Bahodir Toshev Telegram orqali kursdoshlariga murojaat yo‘llab, ishxonasida jonliq so‘yib, xatm qilayotgani, tadbirdan so‘ng spirtli ichimlik ichish uchun sharoit hozirlaganini aytib, ularni chaqiradi.
Masʼulning xatm qilayotgani maqtovga loyiq, albatta. Lekin iziga “otim”cha qilishi bo‘lmabdi-da. Rahbarlarga maza-a? Xohlasa ishxonada ham spirtli ichimlik isteʼmol qilishini ommaga ochiqlayveradi. Qo‘rqmaydi. Nazorat yo‘qligidanmikan bu? — deyiladi Telegramʼda tarqalgan bu haqdagi xabarda.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi axborot xizmatining bildirishicha, holat masʼullar tomonidan o‘rganib chiqilgan.
Joriy yilning 6 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Avval xatm, iziga "otim” sarlavhasi ostida tarqalgan holatni Respublika qurilish sohasida nazorat qilish inspeksiyasining tegishli masʼullari o‘rganib chiqdi. Ushbu holat haqiqatan ham Buxoro viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi rahbari bilan bog‘liq ekani maʼlum bo‘ldi, — deyiladi masʼullar izohida.
Aniqlanishicha, videodagi holat 2023 yil 15 sentyabr kuni tasvirga olingan.
O‘sha kuni inspeksiya boshlig‘i tug‘ilgan kuni sabab kursdoshlariga ushbu videoni yuborgan. Inspeksiyaning tegishli masʼullari Bahodir Toshevga bunday xati-harakatlar kasb etikasiga to‘g‘ri kelmasligini tushuntirdi. Toshevning ushbu harakati bois egallab turgan lavozimidan ozod etilishini maʼlum qilamiz, — deydi vazirlik vakillari.


