Bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy islohotlar inson manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yayotgani bilan alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ijtimoiy sohadagi mazkur islohotlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biri — davlat ijtimoiy sug‘urta tizimining joriy etilishidir.
Maʼlumki, yaqinda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Prezidentimizning tegishli Farmoniga muvofiq, 2026-yildan boshlab davlat ijtimoiy sug‘urtaning yangi tizimi bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etiladi. Ushbu Qonun va Farmon ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Aholiga davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan boshlab homiladorlik va tug‘ish nafaqalari, joriy yilning iyul oyidan esa vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari davlat ijtimoiy sug‘urtasi orqali to‘lanishi yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur islohotning dolzarbligi, avvalo, aholining keng qatlamlarini ijtimoiy himoya bilan qamrab olish imkoniyatlarining kengayishida namoyon bo‘ladi. Ilgari ushbu nafaqalar asosan ish beruvchilar zimmasida bo‘lgani sababli xususiy sektorda ishlovchi ko‘plab xodimlar, ayniqsa ayollar, mazkur kafolatlardan to‘liq foydalana olmas edi. Yangi tizim esa ushbu tengsizlikka barham berib, ijtimoiy adolatni taʼminlashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, davlat ijtimoiy sug‘urta tizimi har bir rasmiy ishlovchi fuqaroga kasallik yoki homiladorlik davrida daromadini saqlab qolish imkonini beradi. Bu nafaqat moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, balki kambag‘allikning oldini olishga qaratilgan samarali mexanizm sifatida ham muhim ahamiyatga ega.
Yangi tizimning yana bir muhim jihati — ijtimoiy to‘lovlar bilan bog‘liq moliyaviy yukning ish beruvchilar zimmasidan olib tashlanishidir. Bu esa tadbirkorlarga o‘z resurslarini ish o‘rinlari yaratish, ishlab chiqarishni kengaytirish va biznesni rivojlantirishga yo‘naltirish imkonini beradi. Ilgari mazkur nafaqalarni to‘lash majburiyati ish beruvchilar zimmasida bo‘lgani sababli, ular mahsulot yoki xizmatlar tannarxiga salbiy taʼsir ko‘rsatib, bozordagi raqobatbardoshlikni pasaytirgan. Ayrim hollarda esa, xarajatlarni qisqartirish maqsadida homilador ayollarni ishga qabul qilmaslik yoki ishdan bo‘shatish kabi salbiy holatlar kuzatilgan. Yangi tizim bu kabi amaliyotlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, davlat ijtimoiy sug‘urta tizimi rasmiy bandlikni rag‘batlantiradi. Chunki nafaqalar fuqarolarning sug‘urta stajiga bog‘liq holda tayinlanadi. Yaʼni, inson qanchalik uzoq muddat rasmiy ishlab, sug‘urta tizimida ishtirok etsa, uning ijtimoiy himoyasi shunchalik mustahkam bo‘ladi.
Aniq raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, yangi tizim joriy etilishi natijasida 2026-yilda:
— byudjet tashkilotlarida ishlovchi qariyb 2,2 million nafar fuqaro;
— xususiy sektorda band bo‘lgan 3,6 million nafardan ortiq fuqaro;
— yakka tartibdagi tadbirkorlar, o‘zini o‘zi band qilgan va norasmiy sektorda faoliyat yurituvchi 7 million nafardan ortiq fuqaro davlat ijtimoiy sug‘urta tizimi bilan qamrab olinishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi orqali 2026-yilda 165 ming nafar sug‘urtalangan shaxsga homiladorlik va tug‘ish nafaqasi, 2026-yil 1-iyuldan boshlab esa 500 ming nafarga yaqin sug‘urtalangan shaxsga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari fuqarolarning murojaatisiz, proaktiv shaklda to‘lab berilishi ko‘zda tutilmoqda.
Yangi tizimning eng zamonaviy jihatlaridan biri — uning to‘liq raqamlashtirilganidir. Nafaqalar elektron tarzda, fuqarolardan qo‘shimcha hujjat yoki murojaat talab etilmagan holda avtomatik ravishda tayinlanadi. Bu esa shaffoflikni oshirish, ortiqcha byurokratik jarayonlarni qisqartirish va inson omilini minimallashtirishga xizmat qiladi.
Amaliyot natijalariga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2026-yil 1–15-yanvar kunlari oralig‘ida homiladorlik va tug‘ish nafaqasi bo‘yicha Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasiga 8,9 mingta kasallik varaqalari kelib tushgan. Shundan 5,4 mingtasi (60 foiz) bo‘yicha 62,5 milliard so‘m miqdorida nafaqalar tayinlangan.
Qolgan 3,5 mingta mehnatga layoqatsizlik varaqalaridan 1,3 mingtasi (15 foiz) bo‘yicha fuqarolar rasmiy band bo‘lmagani yoki sug‘urta staji yetarli emasligi sababli nafaqa tayinlash rad etilgan. Yana 2,2 mingta (25 foiz) varaqalar yuzasidan nafaqa tayinlash yoki rad etish masalasi bo‘yicha o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Fuqarolarni xabardor qilish maqsadida nafaqa tayinlanganligi, to‘langanligi yoki rad etilganligi haqida kasallik varaqalarida ko‘rsatilgan mobil telefon raqamlariga tegishli SMS-xabarnomalar yuborilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, davlat ijtimoiy sug‘urtaning yangi tizimi — bu shunchaki to‘lovlar mexanizmini o‘zgartirish emas, balki inson qadri, ijtimoiy adolat va davlatning fuqaro oldidagi masʼuliyatini amalda namoyon etuvchi muhim islohotdir. Mazkur Qonun O‘zbekistonda moliyaviy jihatdan barqaror, shaffof va umuminsoniy qadriyatlarga tayangan davlat ijtimoiy sug‘urta tizimini shakllantirishga mustahkam zamin yaratadi.


