“Dok-1 Maks” dori vositasi bilan bog‘liq holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda DXX xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Hindiston davlatining “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasiga tegishli mazkur dori vositaci O‘zbekistonga “Quramax Medical” MCHJ tomonidan import qilinib, savdoga chiqarilgan.
Preparat uy sharoitida bolalarga shifokor retseptisiz, ota-onalar tomonidan mustaqil yoki dorixona sotuvchilarining tavsiyasi bilan shamollashga qarshi vosita sifatida noto‘g‘ri qo‘llangan.
Sog‘liqni saqlash vazirligining laborator o‘rganishlariga ko‘ra, “Dok-1 Maks” siropining tarkibida mavjud bo‘lgan “etilenglikol” moddasi bemor salomatligida jiddiy salbiy o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi xulosasiga ko‘ra, “Dok-1 Maks” siropi meʼyoriy hujjatda belgilangan talablarga javob bermaydi.
Hozirda holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medical” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186-3 moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi shaxslar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirildi.


