1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Donald Tramp “Tinchlik Kengashi” nizomini imzoladi va uning raisi bo‘ldi

Kengashga doimiy a’zo bo‘lishni istagan davlatlar kamida 1 milliard AQSh dollari miqdorida badal to‘lashi lozim.

Donald Tramp “Tinchlik Kengashi” nizomini imzoladi va uning raisi bo‘ldi

 

AQSh Prezidenti Donald Tramp o‘z tashabbusi bilan tashkil etilgan “Tinchlik Kengashi” nizomini imzoladi va ushbu tuzilmaning raisi etib belgilandi. Bu haqda RBK xabar berdi.

 

Imzolash marosimi Shveysariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Tramp kirish nutqida mazkur tashabbus global tinchlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam ekanini ta’kidladi.

 

“Biz butun dunyoda tinchlikka erishamiz va bu barchamiz uchun tarixga qo‘shilgan ulkan hissa bo‘ladi. Bu zalda bo‘lgan har bir inson — yulduz, aks holda siz bu yerda bo‘lmas edingiz”, — dedi AQSh prezidenti.

 

Donald Tramp “Tinchlik Kengashi” Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda faoliyat yuritishini, shuningdek, G‘azo sektoridagi mojaro yakunlanish arafasida ekanini, Ukraina mojarosini hal etishda siljishlar borligini va Eron muzokaralarga tayyor ekanini qayd etdi.

 

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levittning ma’lum qilishicha, nizom imzolanishi bilan “Tinchlik Kengashi” rasman xalqaro tashkilot sifatida faoliyat boshladi.

 

Davos Xartiyasini jami 18 ta davlat imzoladi. Ular orasida O‘zbekiston, AQSh, Qozog‘iston, Turkiya, Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Pokiston, Indoneziya, Vengriya, Armaniston, Ozarbayjon, Argentina, Bolgariya, Iordaniya, Paragvay, Mo‘g‘uliston hamda Kosovo bor.

 

Ma’lumot o‘rnida, kengashga doimiy a’zo bo‘lishni istagan davlatlar kamida 1 milliard AQSh dollari miqdorida badal to‘lashi lozim. AQSh ma’muriyati ushbu mablag‘lar G‘azo sektorini tiklashga yo‘naltirilishini bildirgan.

 

Kengash nizomiga ko‘ra, a’zo davlatlar yetakchilari yiliga bir marta AQSh prezidenti raisligida yig‘iladi. Kengash raisi har qanday qarorga veto qo‘yish, shuningdek, a’zolik masalalarini mustaqil hal etish vakolatiga ega.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика