16–21 aprel kunlari o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Trampning faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi amerikaliklar soni rekord darajada kamaydi. So‘rovda qatnashgan 4,300 dan ortiq fuqarolarning atigi 42 foizi uning siyosatini ma’qullagan bo‘lsa, 53 foizi noroziligini bildirgan.
Tahlilchilar reytingdagi pasayishni Tramp ma’muriyatining universitetlar bo‘yicha joriy qilgan qarorlari bilan bog‘lashmoqda. Xususan, AQSh Ta’lim vazirligi aprel oyida Garvard universitetiga ajratilgan 2,2 milliard dollarlik grantlar va 60 million dollarlik shartnomalarni muzlatib qo‘ydi. Bu qaror jamiyatda keng bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.
So‘rov ishtirokchilarining 59 foizi AQShning xalqaro ta’siri susayganini ta’kidlagan. Bundan tashqari, respondentlarning 75 foizi Donald Trampning 2028-yilgi prezidentlik saylovlarida uchinchi bor nomzod sifatida qatnashishiga qarshi ekanini bildirgan.


