1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Ekostikerlar tizimida 2026-yildan jarimalar qo'llanilmaydi

Ijtimoiy tarmoqlar va ayrim OAVlarda 2026 yildan boshlab, "ekologik hudud"ga kiruvchi qizil va sariq toifadagi avtomobillar jarimaga tortilishi haqida xabarlar tarqaldi.

Ekostikerlar tizimida 2026-yildan jarimalar qo'llanilmaydi

 

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar hamda ayrim ommaviy axborot vositalarida 2026-yildan boshlab “ekologik hudud”ga kiruvchi qizil va sariq toifadagi avtomobillar jarimaga tortilishi haqida noto‘g‘ri talqindagi xabarlar tarqaldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu xabarlar haqiqatga mos kelmaydi.

 

Aniqlik kiritilishicha, “Ekologik transport” tizimi doirasida jarimalar 2026-yildan emas, balki ikki yildan so‘ng — 2028-yildan boshlab joriy etilishi belgilangan. 2026-yil tizimni to‘liq ishga tushirish, haydovchilarni xabardor qilish hamda ekologik madaniyatni shakllantirish davri hisoblanadi.

 

Mazkur tizimning asosiy maqsadi jazolash emas, balki avtomobillar va yuk transport vositalaridan chiqayotgan zararli gazlar ta’sirini kamaytirish, shaharlar havosining sifatini yaxshilash hamda aholi orasida ekologik transport tushunchasini keng targ‘ib qilishdan iborat. Chunki transport vositalaridan chiqadigan zaharli gazlar iqlim o‘zgarishi, havo haroratining ko‘tarilishi va kislotali yomg‘irlar kabi salbiy oqibatlarga sabab bo‘lmoqda.

 

Tizim haydovchilar uchun qulayliklar asosida joriy etiladi. Xususan, agar avtomobil dastlab sariq yoki qizil stiker toifasiga kiritilgan bo‘lsa, texnik sozlash va ko‘rikdan o‘tkazish orqali stiker rangini “yashil” toifaga o‘zgartirish imkoniyati mavjud.

 

Shu maqsadda respublikaning barcha hududlarida zamonaviy diagnostika markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, haydovchilar o‘z transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish orqali stiker holatini yaxshilashlari mumkin.

 

Bundan tashqari, Yo‘l harakati xavfsizligining yagona elektron tizimi hamda videokuzatuv kameralari orqali haydovchilarga qaysi hududlarga kirish mumkin yoki mumkin emasligi haqida oldindan elektron ogohlantirishlar berib boriladi.

 

Ta’kidlanishicha, 2026-yilda hech bir haydovchi jarimaga tortilmaydi. Ushbu davrda har bir transport vositasi egasi avtomobilining texnik holatini yaxshilash uchun yetarli imkoniyatga ega bo‘ladi.

 

Avtomobillarni o‘z vaqtida texnik ko‘rikdan o‘tkazish va sifatli yoqilg‘idan foydalanish nafaqat atrof-muhitni muhofaza qilishga, balki yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga ham xizmat qiladi. Ekologik toza va soz transport vositasidan foydalanish esa kelajak avlod oldidagi muhim mas’uliyat hisoblanadi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика