1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Eng dolzarb

Ekspert: TDTning faollashuvi dunyoda katta qiziqish uyg‘otmoqda

Zamon.uz Samarqand sammiti ahamiyati haqida mutaxassis fikri bilan qiziqdi.

Ekspert: TDTning faollashuvi dunyoda katta qiziqish uyg‘otmoqda

 

Shu kunlarda Samarqand yana dunyo diqqat markazida: Turkiy Davlatlar Tashkilotining navbatdagi sammiti ushbu shaharda o‘tkazilmoqda. Tashkilotning yangi formatdagi ilk yig‘ilishi qanday ahamiyatga ega? Turkiy davlatlar birinchi navbatda qaysi sohalarda hamkorlikni kuchaytirishi zarur? Zamon.uz sayti shu savollar bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i Bahromjon Sotiboldiyevga yuzlandi.

 

—Dunyo manzarasi shiddat bilan o‘zgarib borayotgan, davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonchsizlik kuchayib va  baʼzi mintaqalardagi qonli to‘qnashuvlar yuz berib turgan paytda Turkiy davlatlar tashkilotining faollashuvi katta qiziqishlarga sabab bo‘lmoqda. Ushbu tashkilotga aʼzo davlatlarning kelib chiqishi, tarixi, turmush tarzi, tili va diniy kelib chiqishi o‘xshash.

 

Dunyo iqtisodiyotida inqirozli vaziyat ortidan anʼanaviy ishlab chiqarish zanjirlarining uzilishi kuzatilmoqda. Shunday bir vaziyatda o‘zaro muloqotning yetishmayotganligini ko‘rish mumkin.

 

Joriy holatda o‘zaro manfaatlarni hisobga olgan holda iqtisodiy loyihalarni, sanoat kooperatsiyalarini amalga oshirish, yangi iqtisodiy zanjirlarni tashkil qilish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash uchun qilinayotgan harakatlar tashkilotga aʼzo barcha davlatlar uchun muhim.

 

Dunyodagi beqaror vaziyat fonida TDT aʼzolarining o‘zaro yaqinlashuvi ularning xavfsiz taraqqiyotiga, iqtisodiy rivojlanishiga va turli sohalardagi qo‘shma loyihalariga katta turtki berishi shubhasiz hamda bu jarayonlar xalqaro miqiyosda katta qiziqish uyg‘otyapti.

 

Shu bilan birga TDT o‘rtasida qandaydir siyosiy integratsiya haqida gapirishga hali erta. Hozirda eng muhim vazifa — amaliy harakatlarni jadallashtirishda. Bunda o‘zaro ishonchni mustahkamlash, bozorlarni bir-birimiz uchun ochish, yangi sanoat klasterlari, iqtisodiy zanjirlarni tashkil etish, texnologiyalar, madaniyat va yoshlar siyosati masalalaridagi birgalikdagi harakatlarni kuchaytirish zarur.

Ushbu tarixiy sammit O‘zbekistonning qarashlari va yondashuvlarini dunyoga tanitish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика