Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov elektron retsept tizimini joriy etishning ahamiyati va kutilayotgan natijalari haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, elektron retsept tizimi, avvalo, dori vositalarining nojo‘ya ta’sirlarini oldini olishga qaratilgan. 2025-yil davomida shifokor tavsiyasisiz dori vositalarini qabul qilish oqibatida 24 mingdan ortiq murojaat qayd etilgan. Shundan 418 holatda anafilaktik shok, 7 017 holatda esa dori bilan zaharlanish tashxisi qo‘yilgan. Faqat Toshkent shahrining o‘zida 741 ta shunday holat aniqlangan.
Shuningdek, dori vositalari orqali o‘z joniga qasd qilish bilan bog‘liq holatlar ham mavjud. Joriy hisobot davrida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga 2 500 nafar bemor murojaat qilgan bo‘lib, ularning 1 500 nafari aynan dori qabul qilish orqali joniga qasd qilishga uringan.
Elektron retsept tizimi shifokorlar va farmatsevtika kompaniyalari o‘rtasidagi korrupsion holatlarga barham berishga xizmat qiladi. Tizimda faqat dori vositasining xalqaro nomi ko‘rsatiladi, savdo nomini yozish imkoniyati cheklanadi. Bu esa norasmiy kelishuvlar ehtimolini kamaytiradi.
Mazkur tizimda klinik protokollar asosida beshtagacha dori vositasini yozish mumkin bo‘ladi. Agar beshtadan ortiq dori belgilansa, bu konsilium xulosasi bilan asoslanishi shart etib belgilanadi.
Elektron retsept shifokor faoliyatini doimiy raqamli kuzatuvga oladi va ularning kasbiy mavqeini oshiradi. Ta’kidlanishicha, bemorga tashxis va davolash tavsiyasini dorixona yoki farmatsevt emas, balki aynan shifokor belgilashi lozim.
Bundan tashqari, elektron retsept tizimi davlat uchun ilgari mavjud bo‘lmagan yagona ma’lumotlar bazasini shakllantiradi hamda reklamalarning dori tanlashga bo‘lgan ta’sirini kamaytiradi.


