1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Sport

"Endi darajasi biznikidan past bo‘lgan jamoalar bilan xalqaro o‘quv yig‘inlari tashkil etilmaydi" — To‘lqin Qilichev

MOQda sportchilarimizning "Tokio-2020" Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

"Endi darajasi biznikidan past bo‘lgan jamoalar bilan xalqaro o‘quv yig‘inlari tashkil etilmaydi" — To‘lqin Qilichev

Unda  bir qator sport turlari bo‘yicha jamoalarimizning ishtiroki tahlil qilindi

Qayd etish joiz, muxlislarimiz bokschilarimizdan Olimpiadada ko‘proq medal kutishgan edi. Biroq ko‘p vakillarimizga omad kulib boqmadi. Bunga terma jamoa katta murabbiyi To‘lqin Qilichev quyidagicha izoh berdi:

“Bizning Olimpiada bo‘ladigan mamlakatga 20 kun oldin  borib, u yerning iqlimiga moslashish metodikamiz Tokioda  o‘zini oqlamadi. Sababi, so‘nggi yig‘in uchun biz aynan Tokio shahrini tanlagan edik. U yerda pandemiya tufayli Olimpiadadan oldin juda qattiq nazorat bo‘ldi. Bizni mehmonxonadan chiqarishmadi. Ajratilgan zal, oshxona va yotoqxonadan tashqariga chiqa olmadik. Bokschilarimiz 20 kun davomida ana shunday sharoitda yashab, ruhiy jihatdan ezildi. Bu esa, janglarda o‘z taʼsirini o‘tkazmay qolmadi. Baʼzi sportchilarimiz bilan ishlashda  kamchiliklarga ham yo‘l qo‘ydik. Hakamlar munosabati esa barchaga maʼlum”.

Uchrashuv davomida murabbiy endi darajasi biznikidan past bo‘lgan jamoalar bilan xalqaro o‘quv yig‘inlari tashkil etilmasligini aytdi. Shuningdek, oldindagi yirik musobaqalardan avval har bir bokschimizning tayyorgarligiga individual yondashish, har yarim yilda viloyatlardagi murabbiylarning mahoratini oshirish maqsadida o‘quv-seminarlar tashkil etish, “Parij-2024” Olimpiadasiga tayyorgarlik davomida ilm-fan yo‘nalishidan yana-da keng foydalanish kabi masalalar borasida taklif va fikr-mulohazalar bildirildi.

Uchrashuvda bu yil Serbiyada o‘tadigan jahon chempionatiga tayyorgarlik masalasi ham alohida ko‘rib chiqildi. Federatsiya mutasaddilarining so‘ziga ko‘ra, jamoamiz dunyo birinchiligidan avval so‘nggi yig‘inni Toshkentda Kuba bilan o‘tkazadi va shu bilan Serbiyaga yo‘l oladi.

Eslatib o‘tamiz,  avvalroq Samarqand shahrida Tokioda o‘tkazilgan  yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari g‘oliblari va ishtirokchilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tgani haqida maʼlumot berilgandi.

Munojat Valiyeva

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика