Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida davlat organi yoki mansabdor shaxsning qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Taʼkidlanishicha, mazkur qonun loyihasi bilan yetkazilgan zararning o‘rnini kompensatsiya qilish, hududiy kompensatsiya jamg‘armasi hisobidan qoplab berilgan mablag‘larni keyinchalik aybdor deb topilgan davlat organi mansabdor shaxsidan to‘liq miqdorda regress tartibida undirib olish, hududiy kompensatsiya jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish tartibi belgilanadi.
Loyihaga ko‘ra, jismoniy yoki yuridik shaxsga yetkazilgan hamda sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan aniqlangan moddiy va (yoki) maʼnaviy zararning o‘rnini qoplashda yagona amaliyot yo‘lga qo‘yilib, yetkazilgan zarar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi hududiy kompensatsiya jamg‘armalaridan qoplanadi. Keyinchalik aybdor shaxsdan tegishli davlat organi orqali regress tartibida undirib olinadi.
Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida siyosiy partiyalar fraksiyalari, deputatlar tomonidan ko‘tarilgan masalalar, taklif va tavsiyalardan kelib chiqib, yana-da takomillashtirilgan. Ayrim normalardagi nomuvofiqliklar bartaraf etilib, asosiy tushunchalar yuridik texnik jihatdan tahririy qayta ko‘rib chiqilgan.
Ushbu hujjat fuqarolarning davlat organlari yoxud mansabdor shaxslarning qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash hamda aybdor mansabdor shaxslarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortishni nazarda tutadi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.


