Yevroittifoqda kuzatilayotgan energetik inqiroz mobil aloqa faoliyatida uzilishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Agentlik bilan suhbatlashgan to‘rtta Yevropa telekommunikatsiya kompaniyalari rahbarlari “og‘ir qishdan” xavotir bildirgan. Bu ular va hukumatlar uchun haqiqiy sinov bo‘lishi taxmin qilingan. Hozirda barcha tomonlar energetik resurslar yetishmovchiligini oldini olishga harakat qilmoqda.
Germaniya, Shvetsiya va Fransiya o‘z fuqarolariga mobil aloqa uzilmasligiga vaʼda bergan. Hozirda butun Yevropada 500 mingta telekommunikatsiya ustunlari bor. Ularga o‘rnatilgan rezerv batareyalar ustunlarning 30 daqiqa ishlashiga imkon beradi.
Shu bilan birga Reuters bilan suhbatlashgan manbalar ko‘plab Yevropa davlatlarida zaxira tizimlari yetishmayotganini aytgan. Bu mobil aloqa faoliyatida uzilishlar ehtimolini kuchaytiradi.
Avvalroq Rossiya Ukraina orqali gaz tranzitini butunlay to‘xtatmoqchi ekanligi to‘g‘risida xabar berilgandi.


