Eron Inson huquqlari himoyachilari tarmog‘i (HRANA) tomonidan e’lon qilingan oylik hisobotda qayd etilishicha, iyul oyida mamlakat qamoqxonalarida kamida 160 nafar mahbus qatl etilgan. Shulardan uch kishi omma oldida osib o‘ldirilgan.
Hisobotda aytilishicha, bir oy davomida sudlar tomonidan 16 nafar shaxsga yangi o‘lim jazosi tayinlangan, Eron Oliy sudi esa 4 kishining o‘lim hukmini o‘z kuchida qoldirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning boshidan to hozirga qadar qatl qilinganlar soni 818 nafarga yetgan. Shaxsi tasdiqlangan ma’lumotlar orasida 21 nafar ayol ham borligi alohida ta’kidlangan.
Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari muntazam ravishda Eron hukumatini o‘lim jazosidan keng foydalanayotgani va qamoqxonalarda shaffoflik yetishmasligi uchun tanqid qilib kelmoqda.


