Xabarlarga ko‘ra, Fransiya va Italiya o‘rtasida Yevropa davlatlari qo‘shinlarini Ukrainaga yuborish masalasi yuzasidan diplomatik taranglik kuzatilmoqda.
Italiya bosh vaziri o‘rinbosari Matteo Salvini yaqinda Buyuk Britaniya va Frantsiya tashabbusi bilan muhokama qilinayotgan “xohlovchilar koalitsiyasi” doirasida Italiya askarlarini Ukrainaga yuborish rejasiga keskin qarshi chiqqan.
Uning ta’kidlashicha, “agar kerak bo‘lsa, Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning o‘zi dubulg'a kiyib Ukrainaga borishi mumkin”.
Mazkur bayonotdan so‘ng Italiya elchisi Emanuela D’Alessandro Fransiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan. Parij rasmiylari Salvinining gaplarini ikki mamlakat o‘rtasidagi ishonchli hamkorlik va tarixiy munosabatlarga zid, deb baholagan.
Ma'lum qilinishicha, bu Salvinining Makronga qarshi bildirgan ilk tanqidi emas. Joriy yil mart oyida ham u Fransiya prezidentini “telba” deb atagan va uni Yevropani Rossiya bilan keng ko‘lamli urushga tortayotganlikda ayblagan edi.


