Time jurnali ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 8–9 yanvar kunlari Eronda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlari davomida 30 minggacha odam halok bo‘lgan.
Eron Sog‘liqni saqlash vazirligining ikki rasmiysi, ismlarini oshkor qilmaslik sharti bilan, jurnalistlarga bergan ma’lumotiga ko‘ra, o‘lim holatlari soni shunchalik ko‘p bo‘ldiki, jasad sumkalari tugab qolgan va tez yordam mashinalari o‘rniga traktor tirkamalari ishlatilgan.
Eron rasmiylari 23-yanvar kuni e’lon qilgan rasmiy ma’lumotlarda esa 3117 kishi halok bo‘lgani aytilgan. Ularning orasida 2427 tinch aholi va xavfsizlik kuchlari, shuningdek, 690 nafar “terrorchi” mavjud. Time nashri ushbu manbalarni mustaqil tasdiqlay olmaganini bildirgan, ammo jurnalistlarning qo‘lida mavjud hisob-kitoblarga ko‘ra, haqiqiy qurbonlar soni 30 304 kishigacha yetgan bo‘lishi mumkin.
AQShda joylashgan Inson huquqlari faollari axborot agentligi (HRANA) 24-yanvar holatiga ko‘ra, norozilik namoyishlari bilan bog‘liq 5459 kishining o‘limini tasdiqladi, yana 17 031 ta xabar tekshirilmoqda. Internet va mobil aloqaning butun mamlakat bo‘ylab o‘chirilgani sababli, halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar aniq sonini aniqlash qiyin.
Norozilik namoyishlari mamlakatning iqtisodiy ahvolidan norozilik sifatida boshlandi. Tehron rasmiylari AQSh va Isroilni tartibsizliklarni uyushtirishda aybladi. AQSh prezidenti Donald Tramp bir muddat Eronni zarba berish bilan tahdid qilgan, ammo keyinchalik fikrini o‘zgartirgan.


