Estoniya Yevropa davlatlariga Rossiya fuqarolari uchun viza berishni to‘xtatishni taklif qiladi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Urmas Reynsalu maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tallin hozirda rossiyaliklarga viza bermayapti, ammo ular Shengen zonasining boshqa davlatlaridan Estoniyaga kelishda davom etmoqda.
“Huquqiy asos sifatida Rossiya fuqarolarining Yevropaga kirib kelishini taqiqlash zarur va Estoniya bu bo‘yicha taklif kiritadi. Avgust oxirida men boshqa TIV rahbarlari bilan Pragada uchrashaman va o‘shanda umumevropa cheklovlari bo‘yicha taklif beraman”, – degan diplomat.
Bundan tashqari, Reynsalu ruslarga berilgan Estoniya vizalarini bekor qilish zarurligini, hozirda bunday vizalar soni 50 mingga yaqinligini taʼkidlagan.


