Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida voyaga yetmagan, 14 yoshli qizga nisbatan bir guruh shaxslar tomonidan zo‘ravonlik sodir etilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi xotin-qizlar va bolalar masalalari bo‘yicha boshqarma boshlig‘i Nilufar G‘iyosova Gazeta nashriga ma'lum qilishicha, voqea yuzasidan Uchko‘prik tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan 2026-yil 10-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi 3-qismi (nomusga tegish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov davomida gumon qilinuvchi shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi talablariga muvofiq ushlangan. Sud qaroriga asosan ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Ayni paytda jinoyat ishi doirasida barcha zarur tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov jarayonlari Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Bolalar ombudsmanining Gazeta nashriga ma’lum qilishicha, mazkur jinoyat ishiga oid tafsilotlarni keng jamoatchilikka oshkor etish bola manfaatlariga zid hisoblanadi. Xususan, jabrlanuvchi voyaga yetmagan shaxsga oid shaxsiy ma’lumotlar va holat tafsilotlarining ommaviy axborot vositalarida keng tarqatilishi bolaning huquqlari va ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.


