Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi 37-umumta’lim maktabida o‘qituvchilarni majburiy 24 soatlik navbatchilikka jalb qilgan maktab direktori lavozimidan ozod etildi. Bu haqda viloyat Maktabgacha va maktab taʻlimi boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, maktab o‘qituvchilari 2025-yil 25-dekabrdan 6-yanvargacha “maktabda tinchlik va tartibni ta’minlash, xodimlarning xavfsizligi va sog‘lig‘ini nazorat qilish” bahonasida navbatchilikka qo‘yilgan. Hatto rasmiy besh kunlik ta’til davrida ham pedagoglar maktab hududida qolishga va ikki smenada navbatchilik qilishga majbur bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, maktab direktori vazifasini bajaruvchi X.N. pedagog xodimlarga ularning lavozim yo‘riqnomalarida nazarda tutilmagan majburiyatlarni yuklagan. U o‘qituvchilardan kecha-kunduz navbatchilikni talab qilib, amaldagi me’yoriy hujjatlar va tartiblarni buzgan.
Mazkur holat yuzasidan 6-yanvar kuni chiqarilgan buyruq bilan X.N. egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Shuningdek, tizimdagi mas’ul rahbarlarga bunday holatlarga yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan ogohlantirish berilgan.


