Farg‘ona viloyatining Bog‘dod tumanida yer munosabatlari bilan bog‘liq yirik noqonuniy holat aniqlandi. Bu haqda DXX Zamon.uzga xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 1984-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaro mahalliy tadbirkorga ko‘p qavatli uy-joy qurish uchun yer maydoni olib berishda mansabdor tanishlari orqali yordam berishini va’da qilgan.
Xususan, u 2020-yilda boshqa bir fuqaroga kam ta’minlangan va ishsiz yoshlarni ish bilan ta’minlash maqsadida issiqxona tashkil etish uchun ajratilgan 29 gektar yer maydonining 5 gektar qismini toifasini o‘zgartirib, uy-joy qurish uchun rasmiylashtirib berish evaziga 400 ming AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushbu shaxs oldindan 50 ming AQSh dollari olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, uning mansabdor tanishi hisoblangan Farg‘ona viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasining bosh mutaxassisi ham mazkur 50 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi hamda 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.


