Joriy yilning 13-yanvar kuni Farg‘ona shahrida 9-sinf o‘quvchisi bo‘lgan 15 yoshli o‘smir ko‘p qavatli uyning tomidan sakrab, hayotdan ko‘z yumdi. Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Zamon.uz so‘roviga asosan ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, marhumning onasi 2025-yil 25-dekabr kuni Rossiya Federatsiyasiga ketgan bo‘lib, bola opalari va ukalari bilan birga tog‘asining qaramog‘ida qolgan. Fojia kuni u yashab turgan 8 qavatli uyning tom qismiga chiqib, pastga sakragan va voqea joyida vafot etgan.
Tezkor-surishtiruv tadbirlari davomida aniqlanishicha, o‘smir hodisadan avval o‘zi yoqtirgan qiz bilan SMS-xabarlar orqali muloqot qilgan. Hozircha ushbu yozishmalar fojianing bevosita sababi bo‘lganmi yoki yo‘qmi, aniqlashtirilmoqda.
Hodisa joyiga Farg‘ona shahar IIB va prokuratura xodimlaridan iborat tezkor-tergov guruhi yetib borgan. Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda va barcha holatlarga huquqiy baho berilishi kutilmoqda.


