Ijtimoiy tarmoqda Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida yuk ortilgan Moskvich rusumli avtomashinada yong‘in chiqqani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat FVB axborot xizmati ma’lumot berdi.
Hodisa bugun, 29 sentyabr kuni soat 13:48 da Buvayda tumani “Yangiqo‘rg‘on” MFY “Zavur bo‘yi” ko‘chasidagi somon bozorida yuz bergan. Bozorda to‘xtab turgan Moskvich va unga ulangan tirkama 300 dona press somoni bilan yonayotganligi bo‘yicha xabar kelib tushgan. Xabarga asosan, voqea joyiga yong‘in-qutqaruvchilar soat 14:00 da yetib borib, 14:10 da olov o‘chirilgan.
Yong‘in oqibatida avtomashina egasi — Buvayda tumani Jaler qishlog‘ida yashovchi fuqaro A.A. ikki qo‘l, kaftlari hamda yuz qismida turli xildagi kuyish tan jaroxati olgan.
Hozirda bemorining xolati yaxshi. Tegishli tashkilotlar tomonidan yong‘inning kelib chiqish sababi va yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.


