Bugun Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida fransuz kinorejissyori va prodyuseri Lyuk Besson bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda rejissyor kinodagi faoliyati, yangi filmlar suratga olishda rejissyorlik mahorati, dramaturgiya va aktyorlar bilan ishlash borasida ma’lumotlarni taqdim etdi.
“Toshkent xalqaro kinofestivalida ishtirok etayotganimdan juda xursandman. O‘tgan yili ham tashrif buyurgandim va mahoratli yoshlarni ko‘rgandim. Bu yili ularning soni yanada ortganiga ishonaman”, — deydi u.
Lyuk Besson O‘zbekiston va Tojikiston kinoijodkorlari tomonidan suratga olinayotgan “Navoiy va Jomiy” filmini yaratishda badiiy rahbar sifatida ishtirok etadi. Ayni paytga qadar ijodiy guruh tomonidan film ssenariysi tayyorlangan.
“Men tarixiy mavzuda ikkita film suratga olganman. Ammo, tan olaman, o‘zbek va tojik xalqlarining bu ikki yirik namoyandasi haqida shu loyiha sabab xabar topdim. Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiyni nafaqat buyuk shoir, balki tinchlik va barqarorlik kurashchisi sifatida kashf etdim. Tarixiy badiiy film haqiqat va badiiy to‘qima oralig‘ida yaratiladi. Muvozanatni qat’iy nazorat qilish lozim. Film tarixiy haqiqatdan uzoqlashmasligi, ayni paytda zerikarli xronikaga aylanib qolmasligi kerak”, — deydi rejissyor.
.


