1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Eng dolzarb

Global qurol bozori so‘nggi besh yilda qanchalik o‘zgardi?

Yevropa shiddat bilan qurollanmoqda; Rossiya pozitsiyalarini boy bergan; AQSH hamon yetakchi — batafsil saytimiz orqali o‘qing.

Global qurol bozori so‘nggi besh yilda qanchalik o‘zgardi?

 

Oxirgi besh yilda Yevropa davlatlari qurol importini 47 foizga oshirdi. Bu haqda Stokgolm tinchlik muammolarini o‘rganish xalqaro institutining (SIPRI ) navbatdagi hisobotida so‘z boradi.

 

“Global miqyosda qurol yetkazib berish hajmi qisqargan bo‘lsa-da Yevropaga sotish keskin oshdi. Bu Rossiya va ko‘plab Yevropa davlatlari o‘rtasidagi keskin munosabatlar ortidan yuz berdi”, – degan SIPRI  katta ilmiy xodimi Piter Vezeman.

 

Rossiya global qurol bozoridagi pozitsiyalarini boy bermoqda

Vashington va Moskva uzoq yillar davomida qurol yetkazib beruvchilar orasida mutlaq ustunlikni saqlab keldi. Ammo oxirgi besh yilda Amerika ancha ilgarilab ketdi, uchinchi o‘rindagi Fransiya esa Rossiya bilan farqni qisqartirdi. AQSH eksporti 14 foizga o‘sgan bo‘lsa, RFda bu ko‘rsatkich 31 foizga qisqargan. Besh yil oldin Moskva qurol bozorining 22 foizini egallagan bo‘lsa, hozirda 16 foizni egallaydi.

 

Shu davr mobaynida Fransiyaning ulushi 7.1 foizdan 11 foizgacha ko‘paygan.

 

“Fransiya dunyo qurol bozorida ulushini tobora ko‘paytirmoqda. Rossiyaning eksporti esa qisqarmoqda, buni Hindiston misolida ko‘rish mumkin. Bu davom etadi, chunki 2022 yil oxirida Fransiyaning tugatilmagan buyurtmalari Rossiyanikidan ko‘proq edi”, –deb qayd etgan Vezemen.

 

RFning eksporti 10 asosiy xaridor davlatdan 8 taga kamaygan. So‘nggi 5 yilda o‘zining eng yirik importyori bo‘lgan Hindistonga Moskva 37 foiz kam qurol sotgan, qolgan 7 davlatga eksport o‘rtacha 59 foizga pastlagan. Shu bilan birga Xitoyga va Misrga qurol sotish sezilarli darajada ko‘paygan — mos ravishda 39 va 44 foiz.

 

Ammo so‘nggi 2 yilda RF Misrga qurol sotmadi, Xitoyga yetkazib berishlar hajmi 2020-2022 yillarda 2018-19 yillarga nisbatan ancha past bo‘lgan.

 

“Katta ehtimol bilan yaqin yillarda bu davlatlardan buyurtmalar hajmi qisqaradi”, – degan institut ekspertlari.

 

Pekin tobora Rossiya importi qaramligidan qutulayotgani va o‘z ishlab chiqarishini ko‘paytirayotgani qayd etilgan.

 

Ukrainaga bosqini tufayli RF bundan buyon ham qurol eksportini kamaytirishda davom etadi va o‘z armiyasi taʼminotiga ustuvor vazifa sifatida qaraydi. Moskvaning global bozordagi ulushi kamayishiga sanksiyalar va AQSHning uchinchi davlatlarga bosimi sabab bo‘lmoqda.

 

Ukrainaga qurol importi bo‘yicha dunyoning uchinchi davlatiga aylandi

2022 yilda Ukraina Qatar va Hindistondan keyin qurol importi bo‘yicha 3-o‘ringa chiqdi. 2018-yildan buyon hisoblanganda bu ro‘yxatda Kiyev 14-o‘rinda (global qurol bozoridagi importda ulushi 2 foiz). Kiyevga eng ko‘p AQSH (34%), Polsha (17%) va Germaniya (11 %) qurol va harbiy texnika yetkazib bergan.

 

Shu bilan birga urushdan keyin Amerika eksporti Ukrainaga keskin ko‘paygan bo‘lsa-da, bu AQSHning Quvayt, Saudiya Arabistoni, Qatar va Yaponiyaga yetkazib berish hajmlaridan kam. SIPRI‘ning yozishicha, Vashington bu davlatlarga zamonaviy va qimmat qurollar, jumladan, harbiy samolyot va havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarini sotadi. Ukrainaga esa asosan, eski tizimlar yetkazib berilgan.

 

Yevropa qurollanmoqda

NATOning Yevropadagi aʼzolari so‘nggi 5 yilda qurol importini 65 foizga oshirdi. Rossiya bilan murakkab munosabatlar bunga asosiy sabab bo‘lgan.

 

Bu tendensiya yaqin yillarda davom etadi. Urushdan oldin ham yirik harbiy buyurtmalar berilgan, Ukraina mojarosidan keyin ular yana-da ko‘paydi. Masalan, Polsha 2018-2021 yillarda AQSHdan 32 ta samolyot va havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlariga buyurtma bergan  bo‘lsa, 2022 yilning o‘zida Varshava Vashingtondan 394 ta tank, 96 harbiy vertolyot va 12 ta havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarini sotib olishni eʼlon qildi.

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика