“O‘zgidromet” 15-dekabr, dushanba kuni uchun ob-havo prognozini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning bir qator hududlarida yog‘ingarchilik kuzatiladi. Xususan, Toshkent shahri va viloyati, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand viloyatlari hamda vodiy hududlarida yomg‘ir yog‘ib, ayrim joylarda qorga aylanishi kutilmoqda.
Toshkent shahrida kechasi va ertalab yomg‘ir yog‘ib, qorga aylanishi mumkin, kunduzi esa yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kechasi 1–3 daraja iliq, kunduzi 3–5 daraja iliq bo‘ladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi, ammo ayrim joylarda tuman tushishi mumkin.
Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir va qor yog‘ishi, ayrim joylarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘lishi ehtimoli bor. Toshkent va Namangan viloyatlarining tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi mavjud. Sinoptiklar haydovchilar va aholini ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirmoqda.


