1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

Havoga uchgan million dollarlar yoxud onlayn qimor jabrdiydalari

Qimor dinimizda taʼqiqlangan va harom qilingan illat hisoblanadi. Buning ortidan qanchadan-qancha odamlarning hayoti izdan chiqmoqda. Taassufki, uzoq tarixga ega qimor zamonlar osha taraqqiylashsa taraqqiylashdiki, urfdan qolgani yo‘q. Tobora globallashib borayotgan kibervirtual dunyo uning yana-da gullab-yashnashi uchun yangidan-yangi imkoniyatlar yaratayotgandek, go‘yo. Shulardan biri onlayn o‘yinlardir.

Havoga uchgan million dollarlar yoxud onlayn qimor jabrdiydalari

“O‘z boshimni o‘zim yedim” — qimorboz hikoyasi

Bundan bir necha yillar ilgari sartaroshlik qilardim. O‘zimni ustaxonam, ko‘plab shogirdlarim bor edi. Avvallari mijozlarga o‘zim ham xizmat qilardim. Shogirdlarim mustaqil bo‘la boshlagach, bo‘sh vaqtlarim ko‘paydi. Natijada, internet “qiroli”ga aylandim. Asosiy vaqtimni ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazadigan, turli o‘yinlar o‘ynaydigan bo‘ldim. Kunlarning birida internet orqali pul ishlab, boyib ketayotganlar haqida o‘qib qoldim. Tabiiyki, qiziqdim. Avval pul tikib, boyib ketganlar bilan internet orqali suhbatlashdim. Ishonch hosil qilganimdan so‘ng men ham yiqqan pullarimni garovga qo‘yib, o‘yin ishtirokchisiga aylandim. Haqiqatda, boshida pullarim ko‘paya boshladi. Hatto, bitta mashinamni ikkita qildim. Bir kuni 10 000 dollar yutqazib qo‘ydim. Ochig‘i, faqat yutib yurganim uchun bu mag‘lubiyatni ko‘tarolmadim. Yutqazgan pulimni qaytarib olish maqsadida qayta-qayta pul tikib, o‘ynayverdim. Mashinalarimni, so‘ng shahardan olib qo‘ygan 2 xonali uyimni sotdim.  Bularni ham boy berganimdan so‘ng yuragimni shunday alam qurshab oldiki, barcha yo‘qotganlarimni qaytarishni maqsad qildim. Afsus, men o‘ylagandek bo‘lmadi: 75 000 dollar qarzga kirdim yana. Oxiri, yashab turgan hovlimni sotishga majbur bo‘ldim. Meni bu qilmishlarimga chiday olmgan  dadam yurak xurujidan vafot etdi. Ayolim farzandlarimni olib ota uyiga ketib qoldi. Dadamning o‘limidan so‘ng opalarim mendan voz kechishdi. Mahalla-ko‘yda bosh ko‘tarolmay qoldim. Barcha boyliklarim va yaqinlarimdan ayrilganimdan so‘ng Rossiyaga ketishga majbur bo‘ldim. Bu yerda ishlaydigan tanishlarimga vaziyatimni tushuntirdim. Ular chipta uchun pul jo‘natishdi. Hozir bu yerda qurilish sohasida ishlab yuribman.

O‘zboshimchaligim oqibatida men deyarli barcha narsamdan ayrildim. Bir umr o‘zimni kechirolmasam kerak. Chunki o‘zimni tiklab, uy olgunimcha oradan yana qancha yillar o‘tadi, bilmayman. O‘zimni boshimni o‘zim yedim. Yurtdoshlarimizdan iltimos qilardimki, hech qachon qimor o‘ynamanglar. U qay tarzda bo‘lmasin, bir kun oyog‘ingizga bolta uradi. Menga o‘xshab umringizda afsus-nadomatda o‘tkazmang!

Bugun oramizda Alisher (voqea qahramonlarining ismlari o‘zgartirilgan)ning taqdiriga o‘xshash taqdirlar oz emas. Uning hayotida sodir bo‘lgan bu voqealarni eshitar ekanman, yuragimni allanechuk tuyg‘ular cho‘lg‘ab oldi. Hayotimizga zamonaviy texnologiyalarning kirib kelgani, undan maqsadsiz foydalanish oxir-oqibat oramizdan muqaddas tuyg‘ularning yo‘qolib ketishiga sabab bo‘layotganini his qildim. Yurtdoshlarimiz chetga faqatgina ishsizlik oqibatida emas, balki o‘zligidan qochib ham ketayotganiga guvoh bo‘ldim.

Darhaqiqat, onlayn qimor o‘ynab, bor-budidan ayrilayotganlar bu o‘yinning yakuni yaxshilik bilan tugamasligini bilishsa-da, biroq mo‘may daromad topish ilinjida  uning qurboniga aylanib qolmoqda. Bugun internet o‘yinlari keltirayotgan maʼnaviy va moddiy zararlar bir umrlik afsus-nadomatga sabab bo‘lishi haqida deyarli qayg‘urmayapmiz ham. Bunga birgina sabab — siz-u bizning loqayd va eʼtiborsizligimizdir.

Qaltis o‘yinlarga kimlar ko‘proq moyil?

Bu haqda psixolog Shoira Isaqovaning fikrlari bilan o‘rtoqlashdik:

— Bugungi kunda internetda qaltis o‘yinlar juda ko‘paygan. Bu o‘yinlarning mazmun-mohiyatini tushunmay telegram messenjeri orqali eng mashhur kanallar ham targ‘ib qilmoqda. Qabulimga kelayotgan murojaatchilarning aksariyati, aynan, onlayn qimor tuzog‘iga ilinganlar . Shu narsani hech qachon unutmasligimiz kerakki, qimor o‘yinlarning barchasi har bir oilaning shaxsiy jamg‘armasiga juda katta taʼsir ko‘rsatadi.

Hayotda har bir odam omadli, muvaffaqiyatga tez erishishni va g‘olib bo‘lishni xohlaydi. Ammo noto‘g‘ri qadam bosib, bu orzu-istaklarni amalga oshirib bo‘lmaydi. Yillar davomida noto‘g‘ri tushunchalar bilan shakllangan shaxslar qaltis o‘yinlarga ko‘proq ruju qo‘yadi. Kezi kelganda yana bir narsani taʼkidlab ketishni istardim: ko‘pchilik virtual olamni haqiqiy hayotga almashtirib qo‘yadi. Natijada, bu yerda muvaffaqiyatlarga erishishni xohlaydi. Shifokorlar bunday o‘yinlarga tobeʼlikni norkotik va alkogol mahsulotlariga qaramlilik bilan teng baholashadi.

Yaqinda qabulimga bir yigit keldi. U 10 yildan beri onlayn o‘yin o‘ynarkan. Bir oyda 100-200 dollar topishini, biroq buni topish uchun 500-600 dollar pul tikishini aytdi. Vaholanki, u bir oilaning boshlig‘i. Biz  unga kerakli mutaxassislarni jalb etib, qaramlikdan chiqishida amaliy yordam ko‘rsatdik.

Onlayn o‘yinlarga qaramlilik oiladagi nosog‘lom muhit, farzandga bo‘lgan eʼtiborsizlik, doimiy nazorat qilmaslik, oson pul topish, bekorchilik oqibatida kelib chiqmoqda. Bu kabi o‘yinlarga tezroq barham berilmasa, jamiyatimiz illatlar iskanjasiga g‘arq bo‘laveradi.

Qonunda jazo muqarrar

Qimorda yutqazgan taraf yutgan tarafni hech qachon yaxshi ko‘rmaydi. O‘rtada adovat, nafrat, janjal paydo bo‘ladi. Mag‘lub taraf imkon topildi deguncha, yutgan tarafdan pullarini qaytarib olishga, buning uchun hatto o‘sha yutgan kimsani o‘ldirishgacha borib yetadi. Qimor sababli insonlar o‘rtasida dushmanlik, bir-birini yomon ko‘rish va hatto qotillik yuzaga keladi. Mana shularning o‘ziyoq qimorning jamiyatga soladigan xavfi, keltiradigan zararlari nechog‘li ayanchli ekanini ko‘rsatadi. Jinoyat jazosiz qolmaydi. Internet orqali tashkil etiladigan bu kabi o‘yinlar uchun qonunchilikda qatʼiy chora qo‘llanilishi belgilab qo‘yilgan.

Omoniddin Isxakov,

Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi masʼul xodimi:

— Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 191-moddasida: Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish yoki o‘tkazish uchun telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘i provayderlari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish yoki xizmatlar ko‘rsatishga ko‘maklashish, tegishli dasturiy taʼminotdan nusxa ko‘paytirish, uni ko‘paytirish, tarqatish — kompyuter va boshqa yordamchi vositalarni, shuningdek o‘yinga tikilgan hamda o‘yindagi yutuq bo‘lgan pullar, ashyolar va boshqa qimmatbaho buyumlarni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishligi belgilab qo‘yilgan. Xuddi shu kodeksning 278-moddasida esa Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish yoki o‘tkazish uchun telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘i provayderlari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish, tegishli dasturiy taʼminotdan nusxa ko‘paytirish, uni ko‘paytirish, tarqatish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolananishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Qonunchilikda qatʼiy choralar belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, jinoyat ko‘chasiga kirib, undan qutulolmay, millionlab pullari, uy-joy va qimmatbaho buyumlaridan ajralib, o‘zini abgor ahvolga solayotganlar orasida xotin-qizlar, voyaga yetmagan yoshlarning ham borligi jamiyatimiz uchun katta fojea. Fuqarolarni bundan asrashning eng samarali yuli faqatgina targ‘ibot. Chunki ularning hisobidagi pullarini ishlatishlarini doimiy nazorat qilishni imkoni yo‘q. Shu bois biz muntazam targ‘ibot tadbirlari, reydlar o‘tkazib, jinoyatlarni fosh etyapmiz. Fuqarolardan hushyorlik va ogohlikni talab etamiz.

Ayol boshim bilan 50 000 dollarga “tushdim”

Odamlarda mehnat qilmay, qiynalmay, oson va tez pul topishga bo‘lgan istak ularni mana shunday jirkanch ish — qimor o‘ynashga, qimorga yo‘naltirilgan kanallarga aʼzo bo‘lishga undaydi. Qimor o‘ynovchi kimsa oxir-oqibat  hamma narsasidan judo bo‘ladi. Oilasining parokanda, farzandlarning uysiz qolishiga, ularning luqmasi uzilishiga sabab bo‘ladi.

Bundan 2-3 yil ilgari farg‘onalik Dilobarning hayoti havas qilsa arzirlik edi. Toki u “qaltis o‘yin” ishtirokchisiga aylangunga qadar turmush o‘rtog‘i bilan baxtli, farzandlarining shodon kulgusi ila xonadoni fayzli edi. Uning ko‘r-ko‘rona qilgan xatosi tufayli bugun u baxtiyor oilasini yo‘qotdi. Farzandlarini ota mehridan mosuvo etdi. Guldek umrini pul topib, qarzlarini yopishga sovirmoqda.

Odatda, ayollar jiddiyroq xatoga yo‘l qo‘ysa, uning aybini moddiy ehtiyoj, eʼtiborsizlik oqibatidan deb bilamiz. Ammo Dilobarning hayotini bu narsalar emas, balki to‘qchilik o‘zgartirib yubordi. Shahar markazidagi do‘konlarning birini boshqarayotgan qahramonimiz internet o‘yinlariga mukkasidan keta boshlaydi. Kunlarning birida u “tarmoq ovchilari”ning tuzog‘iga tushib qoladi.     

— Internetdagi o‘yinlar kishini shu qadar o‘z domiga tortadiki, go‘yoki sehrlab qo‘ygandek, — deydi u. — Oson pul topish kimga ham yoqmaydi, deysiz. Men ham telefon orqali pul topish payiga tushib qoldim. Internet orqali o‘ynaladigan qimor o‘yinlarga aralashib, natijada, 50 000 dollarga “tushdim”. Dastlab, 10-15 ming so‘m tikilgan pulga 300-400 ming so‘m yutuq berib, o‘yin ishtirokchisini yana-da kattaroq pulni tikishga undaydigan bu o‘yinlar, aslida, qimorning virtual ko‘rinishi, xolos. Qimor qanday domiga tortsa, bu o‘yinlar ham xuddi shunday. Xullas, mana shu o‘yinni deb guldek oilamdan ajraldim. Ming-minglab dollarlarni topsa bo‘lar, ammo baxt qo‘rg‘oninichi?  Ayollik baxtini, oiladagi, jamiyatdagi o‘rnimni qayta tiklay olamanmi? Har gal shu savollar og‘ujida ojiz qolaveraman. Farzandlarimga munosib ona bo‘lish o‘rniga, “qimorboz” degan tamg‘a oldim, xolos. Agar menga qayta imkon berilgani-da edi, aslo bunday yolg‘onlarga uchmagan bo‘lardim. 

Aksiyada faol bo‘laylik!

Ayni kunlarda Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali bloger Dima Qayum va psixolog Shoira Isaqova boshchiligida “Onlayn qimorga qarshimiz” aksiyasi o‘tkazilmoqda. Barchamiz ushbu aksiyada faol ishtirok etib, bu o‘yinlarning oqibati yaxshilik bilan tugamasligini odamlarga yetkaza olsak, atrofimizdagilarni tubsiz jarlikdan qutgangan bo‘lamiz. Zero, keyingi qurbon sizu-bizning yaqinimiz bo‘lishi hech gap emas.

  Dima Qayum:

— Onlayn o‘yinlar yoshlar orasida juda  ommalashib ketdi. Bunday o‘yinlarga tobe bo‘lib qolganlar nafaqat vaqtini, balki millionlab  pullarini ko‘kka sovurmoqda. Bu birgina bekorchilikdan, oson pul topish ilinjidan kelib chiqayotgan muammo emas. O‘yin ishtirokchilari orasida biznesmen, tadbirkorlar ham bor.

Ikki haftadan buyon Feysbukdagi sahifam orqali onlayn o‘yinlarni butkul to‘xtatish bo‘yicha izohlar qoldiryapman. Buni kuzatayotgan minglab yurtdoshlarimiz orasida ko‘zi bilan ko‘rgan, o‘zi guvoh bo‘lgan yoki o‘yinda ishtirok etib millionlab mablag‘laridan ayrilgan jabrdiydalardan xabarlar kelib tushyapti. Bunday o‘yinlar oqibatida faqat va faqat tanazzulga olib keladi. Undan hech qanday foyda yo‘q. To‘g‘ri, bu o‘yinga tikilgan pullar topilar, olingan qarzlar o‘rni kun kelib yopilar, ammo ota-ona, yaqinlarning ishonchi, zoye ketgan vaqt, yoshlikning nodir davrlarini qaytarib bo‘lmaydiku? Afsuslanarlisi, uy-joyidan ajralib, umri qarzga botib, tubanlik totqog‘idan chiqolmay o‘z joniga qasd qilgan yoshlarning ham borligidir.

Onlayn o‘yinlarni zudlik bilan bloklash kerak. Bo‘lmasa buning oxiri yomon oqibatlarga olib keladi. O‘sib kelayotgan yoshlarni o‘z domiga tortib boraveradi.

Internet tarmoqlari farzandlarimiz uchun faqat yaxshilikka xizmat qilishi uchun nazorat zarur ekanligini unutmaylik. Ularni bu zararli oqibatlarga olib keluvchi o‘yinlardan ogoh etish burchimizdir. Farzandlarimiz internetda nima ko‘rayapti, nima bilan shug‘ullanayotganini tekshirish va ularga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishimiz darkor. Qaltis o‘yin oqibatlariga biz ham javobgarmiz. Shunday ekan, yoshlarimizning xatti-harakatlarini doimo nazoratda tutaylik, beparvo bo‘lmaylik. Zero, farzandlarimiz kelajagini xushyor va eʼtiborli bo‘lish bilangina asrab qolishimiz mumkin.

Bahriniso MADUMAROVA

 

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика