Oqdaryo tumanida “Buxoro — Samarqand” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan “Lacetti” haydovchisi yo‘lda uxlab qolishi oqibatida YTH hodisasi sodir bo‘lgan. Oqibatda 3 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida xabar qilindi.
Qayd etilishicha, M-37 avtomobil yo‘lining 44-kilometrida harakatlanib kelayotgan “Lacetti” yo‘lning o‘ng tarafida to‘xtab turgan yuk mashinasining orqasiga kelib urilgan.
Hodisa oqibatida “Lacetti” haydovchisi va ikki yo‘lovchi voqea joyida vafot etgan. Bir yo‘lovchi shifoxonaga yotqizilgan.
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


