1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Hindiston hukumati o'z aholisini sanashga kirishdi

Ijtimoiy tabaqalar haqidagi ma’lumotlar 93 yildan so‘ng ilk bor ro‘yxatga olinadi.

Hindiston hukumati o'z aholisini sanashga kirishdi

 

Hindiston hukumati olti yillik kechikishdan so‘ng nihoyat aholini ro‘yxatga olishni e’lon qildi. U ikki bosqichda o‘tkaziladi va 2027-yilga borib yakunlanadi.

 

Dunyoning eng yirik ma’muriy tadbirlaridan biri hisoblangan Hindistonning har o‘n yilda bir marta o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish jarayoni mamlakat uchun nihoyatda muhimdir. U ijtimoiy yordam dasturlarini rejalashtirish, federal mablag‘larni taqsimlash, saylov okruglarini chizish hamda muhim siyosiy qarorlar qabul qilishda asosiy ma’lumot manbai hisoblanadi.

 

So‘nggi ro‘yxatga olish 2011-yilda o‘tkazilgan edi. 2021-yilda navbatdagisi o‘tkazilishi kerak edi, biroq Covid-19 pandemiyasi sabab bir necha bor kechiktirilgan. So‘nggi yillarda esa hukumat ro‘yxatga olish sanasini nega cho‘zayotgani borasida rasmiy izoh bermagan.

 

Ichki ishlar vazirligi 5-iyun kuni e’lon qilgan bayonotida aholini ro‘yxatga olish ikki bosqichda amalga oshirilishini va asosiy hisob sanasi sifatida 2027-yil 1-mart belgilanganini ma’lum qildi. Biroq jarayon qachon boshlanishi haqida hozircha aniq ma’lumot berilmagan.

 

Himolay tog‘larining qor bilan qoplangan hududlari – Uttarakhand, Himachal Pradesh, Ladak, shuningdek Jammu va Kashmir uchun esa maxsus hisob sanasi – 2026-yil 1-oktyabr bo‘ladi.

 

Bu safar ilk bor Hindiston hukumati barcha fuqarolarning kasta (ijtimoiy tabaqa)ga mansubligi haqida ham ma’lumot to‘playdi. Bu masala mamlakatda ijtimoiy va siyosiy jihatdan juda sezgir sanaladi. Oxirgi marta kasta haqidagi ma’lumotlar 1931-yilda, Britaniya mustamlakasi davrida rasmiy tarzda ro‘yxatga olingan edi.

 

Ro‘yxatga olish Hindistonning 1948-yilda qabul qilingan “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonuni asosida o‘tkaziladi. Bu qonun jarayonni amalga oshirish huquqiy asosini belgilab bergani bilan, ro‘yxatga olish aniq qachon o‘tkazilishi yoki natijalari qachon e’lon qilinishi kerakligi haqida muddat bermaydi.

 

2020-yilda ro‘yxatga olishning birinchi bosqichi – uy-joylar haqidagi ma’lumotlarni yig‘ish bosqichi boshlanishi kerak edi. Biroq pandemiya bunga to‘sqinlik qildi va hukumat jarayonni noma’lum muddatga qoldirdi.

 

Oradan yillar o‘tgan bo‘lsa-da, hukumat ro‘yxatga olishni bir necha bor sababsiz kechiktirib kelgan. Mutaxassislar bu kechikishlar dunyoning eng zich aholi yashaydigan mamlakatida salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidlab kelmoqda. Jumladan, ayrim kishilar ijtimoiy yordam dasturlaridan chetda qolishi, resurslar noto‘g‘ri taqsimlanishi mumkin.

 

“Ro‘yxatga olish shunchaki odamlar sonini hisoblash emas. U mahalliy darajada qarorlar qabul qilish uchun bebaho ma’lumotlar beradi”, — degan edi rivojlanish iqtisodchisi, professor KP Kannan 2023-yilda BBCga bergan intervyusida.

Laylo Hikmatullayeva tayyorladi

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика