Taniqli hofiz Rahmatillo Yusupov 44 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda marhumning yaqinlari Daryo nashriga ma’lum qilgan. Xonanda 1981-yil 15-sentyabrda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, oilali bo‘lib, ikki farzandning otasi edi. Uning “Ketgim kelmayapti onajon”, “Kelinchak” kabi qo‘shiqlari keng ommalashgan, muxlislari esa uni “ikkinchi Oxunjon Madaliyev” deb atashgan.
Yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, Rahmatillo Yusupov koronavirusdan keyin bel og‘rig‘idan shikoyat qilgan va shifokorlar unga “churra” tashxisini qo‘yib, jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan. Biroq operatsiyadan keyin ham ahvoli yaxshilanmagan. Keyinchalik boshqa tibbiyot muassasasida tekshiruvdan o‘tganda, aslida tashxis noto‘g‘ri bo‘lgani, muammo oddiy shamollash ekanligi aniqlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dastlabki operatsiya chog‘ida nerv tolalariga jiddiy shikast yetkazilgan. O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo Rahmatillo Yusupovni Toshkentga olib kelib, chuqur tekshiruvdan o‘tkazgan, biroq shifokorlar jarayonni ortga qaytarishning iloji yo‘qligini bildirgan. Iqbol Mirzo holat bo‘yicha sudga murojaat qilish kerakligini aytgan, ammo hofizning o‘zi bunga rozi bo‘lmagan.
Rahmatillo Yusupov uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng 2025-yil 27-dekabr kuni vafot etdi. Uning o‘limi san’at ixlosmandlari orasida chuqur qayg‘u bilan qarshi olindi.


