2025-yil 9-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Humans ilovasiga ulangan bank kartalaridan foydalanuvchilar ruxsatisiz pullar yechib olingani haqida xabarlar tarqaldi. O‘shanda Markaziy bank hodisani rasman tasdiqlab, tekshiruv ishlari boshlanganini e’lon qilgandi. Holat bo'yicha Zamon.uz o'rganish olib borgan edi.
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, Humans MCHJ kompaniyasi bilan bog‘liq holat to‘liq tekshirilgan va yig‘ilgan ma’lumotlar ichki ishlar idoralariga topshirilgan.
Tekshiruv Octogram AJ to‘lov tashkilotida, Humans MCHJ kompaniyasiga to‘lov xizmatlarini taqdim etgan holda, Markaziy bank farmoyishiga binoan ishchi guruh tomonidan amalga oshirildi. Tekshiruv natijalari bo‘yicha tuzilgan ma’lumotnoma Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga huquqiy baho berish va o‘z vakolati doirasida choralar ko‘rish uchun taqdim etildi.
Ayni paytda Humans kompaniyasi bilan bog‘liq holat Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda o‘rganilmoqda. Fuqarolardan mazkur holat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlari so‘raladi.


