Forbes jurnalining maʼlumotlariga ko‘ra, Tesla va SpaseX kompaniyalari egasi Ilon Maskning sof boyligi 700 milliard dollardan oshib, so‘nggi hisob-kitoblarga muvofiq 749 milliard dollarga yetdi.
Nashr qayd etishicha, bundan besh kun avval tadbirkorning boyligi 677 milliard dollar deb baholangan va u 600 milliard dollardan ortiq boylikka ega bo‘lgan dunyodagi ilk inson sifatida eʼtirof etilgan edi. Forbes taʼkidlashicha, boylikdagi keskin o‘sish real daromadning oshishi bilan emas, balki hisoblash metodologiyasining qayta ko‘rib chiqilishi bilan bog‘liq.
Mazkur o‘zgarish Delaver shtati Oliy sudining Ilon Maskka Tesla aksiyalari opsionlari ko‘rinishida berilgan kompensatsiyani bekor qilish haqidagi quyi sud qarorini bekor qilishi bilan izohlanadi. Ushbu opsionlar 2018 yilda kompaniya direktorlar kengashi tomonidan berilgan bo‘lib, hozirda ularning qiymati taxminan 139 milliard dollarga baholanmoqda.
Sud jarayoni davomida Forbes ushbu aksiyadorlik opsionlari qiymatining faqat 50 foizini hisobga olgan. Sud qarori bekor qilingach, opsionlar qiymati to‘liq inobatga olinib, natijada Maskning umumiy boyligi keskin oshgan.
Maʼlumot uchun, Ilon Mask ilk bor 2021 yil yanvar oyida Forbes‘ning dunyoning eng boy insonlari ro‘yxatida 190 milliard dollarlik sof boylik bilan birinchi o‘rinni egallagan. O‘sha yil sentyabr oyiga kelib uning boyligi 200 milliard dollardan, noyabr oyida esa 300 milliard dollardan oshgan. Keyingi yillarda bu ko‘rsatkich izchil o‘sib, 2024 yil dekabr oyida 400 milliard dollardan, 2025 yil oktyabr oyida esa 500 milliard dollardan oshgani qayd etilgan.


