Amerikalik milliarder, tadbirkor va AQSh Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari Ilon Mask o‘zining vakolat muddati yakuniga yetayotganini bildirib, prezident Donald Trampga minnatdorchilik izhor qildi.
“Davlat resurslarining ortiqcha sarf-xarajatlariga qarshi kurashish imkoniyatini bergani uchun prezident Trampdan minnatdorman. DOGE o‘z missiyasini davom ettiradi va davlat boshqaruvining ajralmas qismiga aylanadi”, — deb yozdi Mask X (avvalgi Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Mask Tramp prezidentlik lavozimiga kelganidan so‘ng ushbu lavozimga tayinlangan edi. Ushbu maqom unga yiliga 130 kun federal hukumatga xizmat qilish imkonini bergan. Bu muddat 20-yanvar – inauguratsiya kunidan boshlab hisoblab, may oyining oxirida nihoyasiga yetadi.
Mask avvalroq CBS telekanaliga bergan intervyusida Trampning “katta va chiroyli” soliq va budjet qonunidan hafsalasi pir bo‘lganini tan olgan edi. Unga ko‘ra, bu qonun davlat xarajatlarini qisqartirish borasidagi harakatlarga zarar yetkazadi va budjet taqchilligini chuqurlashtiradi.
Reuters manbalariga ko‘ra, Mask iste’fosi oldidan Tramp bilan shaxsan uchrashmagan. Qaror esa "eng yuqori darajada" qabul qilingan.
Aprel oyida esa Mask DOGE faoliyatiga faqat haftasiga bir-ikki kun vaqt ajratib, asosiy e’tiborni o‘z kompaniyalariga qaratmoqchi ekanini bildirgan edi.


