1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Imtiyozli uy, oliygohga grand, bepul bog‘cha va tibbiy yordam...

Burchini bajarish chog‘ida yaralangan yoki halok bo‘lgan harbiylar va xizmatchilarning oilasiga yangi imtiyoz hamda kafolatlar berilmoqda.

Imtiyozli uy, oliygohga grand, bepul bog‘cha va tibbiy yordam...

 

Shavkat Mirziyoyev tomonidan 13 mart kuni imzolangan farmonga ko‘ra, halok bo‘lgan harbiylar va xizmatchilarning oilasiga beriladigan imtiyoz va kafolatlar ko‘lami kengaytirildi.

 

Prezident farmoni bilan Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi va Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazining Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yo‘lida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib bo‘lganligi oqibatida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilari va xodimlarining oila aʼzolari hamda ularning qaramog‘idagi shaxslarga bir qator imtiyoz va kafolatlar berilmoqda. Farmon matni O‘zAda eʼlon qilindi.

 

2023 yil 1 apreldan boshlab:

  • halok bo‘lgan harbiy xizmatchi (xodim) oila aʼzolariga biryo‘la beriladigan nafaqa marhumning oxirgi egallagan lavozimi bo‘yicha maoshi va harbiy (maxsus) unvoni maoshi yig‘indisining 150 baravari miqdorida belgilanmoqda;

  • harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi doirasida u halok bo‘lganda to‘lanadigan sug‘urta summasi bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida belgilanmoqda;

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga ular tomonidan belgilangan miqdorlarda (mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 50 foizigacha bo‘lgan summadan oshmagan holda) mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) tegishli hududda istiqomat qiluvchi oila aʼzolariga har oy to‘lanadigan nafaqa tayinlash tartibini belgilash huquqi berilmoqda;

 

2023 yil 1 maydan boshlab:

  • oilaning mehnatga layoqatsiz har bir aʼzosiga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi pensiyani hisoblab chiqish uchun olinadigan pul taʼminotining (ish haqining) 50 foizi miqdorida belgilanadi;

  • oila aʼzolari (ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, 23 yoshga to‘lmagan farzandlari) daromadlar qaysi oyda olingan bo‘lsa, o‘sha oyda har bir oy uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 baravari miqdoridagi daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etiladi;

  • belgilangan tartibda turar joyga muhtoj deb tan olingan taqdirda, turarjoy bilan birinchi navbatdagi tartibda taʼminlanadi;

  • qonunchilikda belgilangan harbiy xizmatchilarga (xodimlarga) turar joy sotib olish (qurish) uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari berish tartibiga muvofiq uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlarini olish huquqi saqlab qolinsin;

  • halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) yangi nikohga kirmagan turmush o‘rtog‘i va (yoki) harbiy xizmatchining (xodimning) qaramog‘ida bo‘lgan ota-onasidan biriga Qurolli Kuchlarning harbiy xizmatchilariga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasini to‘lash tartibi tatbiq etiladi (mulkida turar joy bo‘lmagan taqdirda).

 

2023 yil 1 iyundan boshlab:

a) halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) farzandlari maktabgacha taʼlim muassasalarida bepul tarbiyalanishi, shuningdek, professional va oliy taʼlim muassasalarida davlat granti asosida qo‘shimcha kvotalar bo‘yicha taʼlim olishi taʼminlanadi;

b) halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) ota-onalariga yiliga ikki marta temir yo‘l va havo yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi;

v) halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) oila aʼzolariga:

  • ushbu halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) xizmatni o‘tagan masʼul vazirlik va idoralarning tibbiyot muassasalarida bepul tibbiy yordam olish huquqi saqlab qolinadi, shuningdek, tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari doirasida tibbiy yordamni ustuvor ravishda olish va navbatdan tashqari shifoxonaga yotqizish imkoniyati yaratiladi;

  • yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatuvchi tibbiyot tashkilotlari tomonidan davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bepul tibbiy yordam ko‘rsatiladi;

  • navbatdagi yillik mehnat taʼtilidan qulay vaqtda foydalanish, shuningdek, yiliga ikki haftagacha muddatga ish haqi saqlanmaydigan qo‘shimcha taʼtil olish huquqi beriladi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика