5-may kuni kechqurun Isroil harbiy-havo kuchlari Yamandagi husiylarga qarshi yirik havo hujumi amalga oshirdi. Taxminan 20 ta qiruvchi samolyot Xodeyda port shahri va Bajil shahri yaqinidagi sement zavodini nishonga oldi.
Hujum husiylar tomonidan Tel-Avivdagi Ben Gurion aeroporti yaqiniga qilingan raketa hujumiga javoban uyushtirilgan. O‘shanda bir nechta odam jarohat olgandi.
Isroil harbiylari husiylarni Eron qurollarini tashishda va sement zavodidan harbiy inshootlar qurishda ayblamoqda. Ularning aytishicha, bu hujum husiylarning iqtisodiyoti va harbiy salohiyatiga jiddiy zarba bo‘ldi.
Bu Isroilning Yamandagi husiylarga qarshi urushi boshlanganidan beri oltinchi, 2025-yilda esa birinchi havo hujumi bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, zarbalar AQSH bilan muvofiqlashtirilgan, lekin qo‘shma operatsiya bo‘lmagan.
Shuningdek, Yaman OAVlari AQSH ham poytaxt Sana shahriga havo hujumi uyushtirgani va bu hujumda 16 kishi jarohatlangani haqida xabar berdi.


