Energetika vazirligi bir hafta muddatda Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi barcha issiqxona obyektlariga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzilishini va uzluksiz gaz ta’minotini tashkil etadi.
Shu bilan birga, qoidalarni buzgan issiqxonalar jazo choralariga tortiladi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi bir hafta ichida quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqadi:
Maydoni 200 m² va undan katta bo‘lgan issiqxonalarda chang-gaz tozalash uskunalari mavjud bo‘lmaganda yoki nosoz ishlaganda yuridik shaxslarning mansabdor shaxslariga 5 baravar, jismoniy shaxslarga 3 baravar ma’muriy jarima qo‘llanadi.
Shu turdagi issiqxonalarda shina, mazut, bitum, ishlatilgan avtomobil moyi, plyonka, rezina, jun tolasi va boshqa yoqilg‘i moddalar yoqilgan hollarda isitish qozonxonasini davlat foydasiga musodara qilishni nazarda tutuvchi jinoiy javobgarlik joriy etiladi.
Mazkur chora-tadbirlar shahar va atrof-muhitni ifloslantirishning oldini olish hamda tabiiy gaz resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlashga qaratilgan.


