Xabarga ko‘ra, bir nechta javob belgilanganda ulardan biri to‘g‘ri javob sifatida olinishi AQSHning SCANTRON korporatsiyasining iNSIGHT turkumiga kiruvchi optik qurilmalarining dasturiy taʼminoti va maxsus algoritmi bilan bog‘liq bo‘lib, bu holat xato hisoblanmaydi.
Yaʼni mazkur qurilmalar javobni o‘qishda aylananing bo‘yalganlik holatini tekshiradi va kattaroq bo‘yalgan aylana belgilangan javob sifatida olinadi. Aylanalarning bo‘yalganlik holati bir-biriga yaqin bo‘lganda esa birdan ortiq javob belgilangan hisoblanadi va test topshiruvchiga mazkur test topshirig‘i uchun ball berilmaydi.
Umuman olganda SCANTRON korporatsiyasining optik skanerlari dunyodagi eng ishonchli qurilmalardan hisoblanib, AQSH, Yaponiya, Turkiya kabi rivojlangan davlatlar ham aynan shu qurilmalardan foydalanadi.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi bunday holatni Davlat test markazi o‘z ustidan bepisandlik bilan qilinayotgan haqorat deb qabul qilishini ham taʼkidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq test sinovi jarayonida aniqlanayotgan holatlardan namunalar berilgandi hamda DTM test materiallari tarqalayotgani yuzasidan izoh bergandi.


