O‘zbekistonda jinoyatchilik yuqori bo‘lgan hududlar uchun masʼul shaxslar belgilandi. Shu bilan mahalla va tumanlarda kriminal vaziyat uchun “shaxsiy javobgarlik” tizimi joriy qilinadi. Bu tartib Prezident qarorida ko‘zda tutilgan.
Davlat rahbarining “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida manzilli ishlarning yagona tizimini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, jinoyatchilik darajasi yuqori bo‘lgan hududlar aniq masʼul rahbarlar va idoralarga biriktiriladi.
Qarorga ko‘ra:
- Jinoyatchilik darajasi og‘ir bo‘lgan mahallalar va tumanlar (shaharlar) – tuman (shahar) hokimlari, prokurorlar va IIB boshliqlari va ularning o‘rinbosarlariga;
- So‘nggi 5 yil davomida “qizil” toifada bo‘lgan mahallalar – Milliy gvardiya hududiy boshqarmalari boshliqlari, viloyat darajasidagi IIB boshliqlari o‘rinbosarlari va hokim o‘rinbosarlariga biriktiriladi;
- So‘nggi 3 yil davomida “qizil” toifada bo‘lgan mahallalar – huquqni muhofaza qiluvchi organlar, taʼlim va ilmiy tashkilotlarga biriktiriladi;
- Jinoyatchilik eng yuqori bo‘lgan tumanlar va shaharlar – viloyat darajasidagi prokurorlar va IIB boshliqlarining birinchi o‘rinbosarlariga;
- Xotin-qizlar, spirtli ichimliklar va giyohvand moddalarni suiisteʼmol qiluvchi shaxslar hamda nizoli oilalar hududida jinoyatchilik ko‘p bo‘lgan mahallalar – viloyat darajasidagi oila va xotin-qizlar, sog‘liqni saqlash va adliya boshqarmalari rahbarlariga biriktiriladi.
Masʼul shaxslarga o‘z hududida huquqbuzarliklarni oldindan aniqlash va barvaqt profilaktika qilish, shuningdek, ijtimoiy profilaktika tizimini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha shaxsiy javobgarlik yuklatiladi.


