Kanada Ukrainaga qo‘shimcha ravishda 2,5 milliard dollar miqdorida iqtisodiy yordam ajratadi. Bu haqda Kanada bosh vaziri Mark Karni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuv chog‘ida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Interfax-Ukraine.
Mark Karnining ta’kidlashicha, mazkur moliyaviy yordam Ukrainaga Xalqaro valyuta jamg‘armasi (IMF), Jahon banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan qo‘shimcha moliyalashtirish jalb qilish imkonini beradi va mamlakat iqtisodiy barqarorligini qo‘llab-quvvatlaydi. “Bu mablag‘lar tiklanish jarayonini boshlashga yordam beradi”, — dedi Kanada bosh vaziri.
Volodimir Zelenskiy Kanadaga ko‘rsatilayotgan yordam uchun minnatdorlik bildirib, Rossiyaga nisbatan xalqaro bosimni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, u Kanada bilan Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlarini kuchaytirish masalasini ham muhokama qilishini aytdi.
Avvalroq Kanada Ukrainaga kiberxavfsizlikni mustahkamlash maqsadida Tallinn mexanizmi doirasida 92 million grivnadan ortiq mablag‘ ajratishi haqida ham xabar berilgan edi.


