Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, faxriylariga qo‘shimcha to‘lov va kompensatsiya berilishi maʼlum bo‘ldi.
“Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va faxriylarining moddiy taʼminotini yaxshilash hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–274-son, 08.06.2022 y.) qabul qilindi.
Unga ko‘ra,
- 1941–1945-yillardagi urush faxriylari va fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan fuqarolarga, shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul yetkazib beriladigan oziq-ovqat mahsulotlari hamda gigiyena tovarlari o‘rniga har oyda BHMning 1 baravari (300 ming so‘m) miqdorida qo‘shimcha to‘lov to‘lab boriladi;
- 1941–1945-yillardagi urush faxriylari va fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan fuqarolarga bepul yetkazib beriladigan zarur kiyim-kechak va poyabzallar o‘rniga kiyim-kechak xaridi uchun har yili avgust oyida BHMning 15 baravari (4 mln 500 ming so‘m) miqdorida to‘lanadigan kompensatsiya joriy etiladi.
Bunda, qo‘shimcha to‘lov Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tomonidan pensiyalarni va nafaqalarni tayinlashga masʼul bo‘lgan tashkilotga o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar yoki nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘g‘risida taqdim etiladigan maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi.


