Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida avtomashinasida kelib chiqishi nomaʼlum go‘sht mahsulotlarini olib ketayotgan haydovchi aniqlandi. Bu haqda viloyat IIB xabar berdi.
Joriy yilning 11 may kuni Ko‘kdala tumani “Umakay” muntazam YPX maskanida Qarshi — Toshkent yo‘nalishida harakatlanib kelgan Lacetti rusumli avtomashina to‘xtatib tekshirilgan. Tekshiruv davomida avtomashina salonidan va yukxonasidan kelib chiqishi nomaʼlum bo‘lgan go‘sht mahsulotlari aniqlangan.
Shundan so‘ng Ko‘kdala tumanida yashovchi E.SH.ning boshqaruvidagi avtomashinadan 118 kg go‘sht hujjatlashtirib olingan.
Go‘sht mahsulotlarining sifatini aniqlash maqsadida Qashqadaryo viloyat hayvonlar kasalliklar tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazining laboratoriyasiga olib kelinib, tekshiruvidan o‘tkazilganda isteʼmolga yaroqsizligi aniqlangan.
“Mazkur holat yuzasidan fuqaroga maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, go‘sht mahsulotlari yo‘q qilindi”, — deyiladi xabarda.


