Ushbu bosqichda o‘quvchilar o‘z maktablarini rivojlantirishga qaratilgan tashabbus va loyihalarni ilgari surish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Loyiha bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Xususan, 15–24-dekabr kunlari loyihalarni shakllantirish, 25-dekabrdan 10-yanvargacha saralash, 11–20-yanvar kunlari esa ovoz berish jarayonlari o‘tkaziladi. O‘quvchilar “Ochiq budjet” portali orqali avtomatik tarzda tayyor loyiha namunalarini tanlash yoki mustaqil ravishda yangi loyiha ishlab chiqishlari mumkin.
“Mening maktabim” loyihasida 5–11-sinflarda ta’lim olayotgan barcha o‘quvchilar ishtirok etishi mumkin. Ular o‘zlari o‘qiyotgan umumta’lim maktabiga doir tashabbuslarni taklif qilish, shuningdek, taqdim etilgan loyihalar uchun ovoz berish orqali maktab infratuzilmasi va ta’lim sharoitlarini yaxshilashga bevosita hissa qo‘shadi.


